
Kreml ilk bor Rossiyada harbiy senzura joriy etilganini rasman tan oldi
13.07.2025 | 21:3014953
Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov mamlakatda harbiy senzura amalda ekanini tan oldi. Uning ta’kidlashicha, bu qaror Ukrainadagi urush fonida «axborot urushi» sharoitida qabul qilingan.

Dmitriy Peskov bu haqda «Ekspert» jurnaliga bergan intervyusida gapirdi. Uning ta’kidlashicha, Rossiyada hozir amalda «misli ko‘rilmagan harbiy senzura» hukm surmoqda. Bu, uning fikricha, Rossiyani «diskreditatsiya qilish» bilan shug‘ullanayotgan ommaviy axborot vositalarining faoliyatini cheklash zarurati bilan izohlanadi.
Peskovning aytishicha, bu vaziyatdan so‘ng mamlakat media makonida «vatanparvarlik ruhdagi kontent» ko‘paygan. U Rossiyani tanqid qiluvchi media tahririyatlari oldin tahririt siyosati sifatida o‘z yurtiga nisbatan skeptik munosabatni ilgari surayotganini aytdi.
«O‘tmish xatolaridan xulosa chiqardik. Endi Rossiya haqida faqat salbiy yoki umuman hech narsa yozmaydigan «Meduza»larga o‘xshagan nashrlarga yo‘l bo‘lmaydi», — dedi Peskov. Biroq u senzura yumshatilgandan keyin muammolar va yutuqlarni xolis yoritadigan neytral media paydo bo‘lishiga umid bildirdi.
Bu Kreml rasman harbiy senzura mavjudligini tan olgan ilk holat hisoblanadi. Ilgariroq, 2023 yil sentyabrda ham Peskov Rossiya kollektiv G‘arb bilan «kritik qarama-qarshilik»da ekani uchun cheklovlar zarurligini aytgandi.
Prezident Vladimir Putin esa avvalroq Rossiyada «erkin OAV» faoliyat yuritishini aytgan, faqat qonunlarga rioya qilish talab etilishini ta’kidlagan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, davlat tahririyat siyosatidan qat’i nazar, barcha media bilan hamkorlik qiladi.





