add

Kreml iqtisodchilari ota-onalar pensiyasini farzandlar gardaniga yuklashni taklif qildi

19.06.2025 | 21:2022314

Rossiyada aholi qarishi va tug‘ilish darajasi pasayishiga qarshi kurashish maqsadida fuqarolardan ota-onalariga to‘g‘ridan to‘g‘ri «avlodlar solg‘i» to‘lash taklif qilinmoqda. Ushbu mexanizm orqali ota-onalarni pensiya bilan davlat emas, farzandlar ta’minlashi ko‘zda tutilgan.

Kreml iqtisodchilari ota-onalar pensiyasini farzandlar gardaniga yuklashni taklif qildi
«Vedomosti» nashrining yozishicha, ushbu tashabbus Rossiya prezidentining iqtisodiyot bo‘yicha yordamchisi Maksim Oreshkin boshchiligidagi «Uchinchi Rim» nomli markazning «Dunyoning kelajagi: global o‘sishning yangi platformasi» nomli hisobotida ilgari surilgan. Hujjat mualliflari «Avlodlar solig‘i» g‘oyasini ilk bor amerikalik dasturchi Brendon Berk taklif qilganini ta’kidlaydilar. Soliq miqdori fuqaro daromadining 3–15 foizini tashkil etishi mumkin bo‘lib, bu mablag‘lar asosan 50–65 yoshdagi ota-onalarga — xususan, onalarga — to‘g‘ridan to‘g‘ri o‘tkazilishi nazarda tutilgan. Mazkur mexanizm tug‘ilish darajasining tushib ketishi, aholi qarishi va davlat byudjetiga yuk bo‘layotgan ijtimoiy ta’minot xarajatlarini qisqartirishga yordam berishi mumkin. Hisobot mualliflariga ko‘ra, bunday holat faqat Rossiyada emas, balki BRICS+ kabi ko‘plab davlatlarda kuzatilmoqda. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiyada tug‘ilish darajasi so‘nggi 18 yildagi eng past ko‘rsatkichga — har bir ayolga 1,4 nafar bola — tushgan. 2014 yildan beri tug‘ilgan bolalar soni 1,2 milliongacha qisqargan. 2016–2024 yillar oralig‘ida tabiiy kamayish 4 million kishidan oshgan. Rosstatning prognozlariga ko‘ra, 2040 yillarga kelib, bolalar va o‘smirlar soni 27,2 milliondan 20 milliongacha kamayishi, ularning umumiy aholidagi ulushi esa 18,5 foizdan 14,2 foizga tushishi mumkin. Shu bilan birga, pensionerlar ulushi 2046 yilga borib 26,9 foizga yetishi taxmin qilinmoqda. Bunday demografik tendensiyalar Rossiyaning ijtimoiy jamg‘armasi uchun jiddiy muammolar keltirib chiqarmoqda. Hozirda pensiyalar uchun yig‘iladigan 10,4 trln rubl mablag‘ nafaqaxo‘rlar ehtiyojining faqat 75 foizini qoplamoqda va qolgan qismi federal byudjet hisobiga to‘ldirilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid

Kreml iqtisodchilari ota-onalar pensiyasini farzandlar gardaniga yuklashni taklif qildi | Vaqt.uz