Kreml Rossiyani dollar hisob-kitoblariga qaytarishni istayapti – OAV

«Bloomberg» Rossiya tomonining ichki yozma hujjatini e’lon qildi. Unda Ukrainadagi urush tugagan taqdirda Rossiya va AQSH o‘rtasida mumkin bo‘lgan hamkorlikning yettita yo‘nalishi bayon etilgan.

Kreml Rossiyani dollar hisob-kitoblariga qaytarishni istayapti – OAV

Kreml keng qamrovli iqtisodiy sheriklik doirasida AQSH prezidenti Donald Tramp ma’muriyati bilan hamkorlik qilish orqali Rossiyani xalqaro hisob-kitoblarning dollar tizimiga qaytarishni istamoqda. Bu haqda kecha, 12-fevral kuni yuqori lavozimli rossiyalik amaldorlar o‘rtasida tarqatilgan ichki yozma hujjatga tayanib, «Bloomberg» agentligi xabar berdi.

2026 yil boshlarida tuzilgan mazkur hujjatda Ukrainadagi urushni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvdan so‘ng Rossiya va AQSH iqtisodiy manfaatlari mos kelishi mumkin bo‘lgan yettita yo‘nalish batafsil bayon etilgan.

Mumkin bo‘lgan hamkorlik yo‘nalishlari

Jumladan, Rossiya samolyot parkini modernizatsiya qilish uchun aviatsiya sohasida uzoq muddatli shartnomalar tuzish va AQSHning Rossiya aviasanoatida ishtirok etishi masalasi tilga olingan. Yozma hujjatda neft va suyultirilgan tabiiy gaz sohasida qo‘shma korxonalar tuzish taklif etilgan. Amerika kompaniyalarining Rossiya iste’mol bozoriga qaytishi uchun imtiyozli shartlar ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, atom energetikasi sohasida, jumladan sun’iy intellekt bilan bog‘liq tarmoqlarda hamkorlik rejalashtirilgan. Bundan tashqari, litiy, mis, nikel va platina kabi xomashyo ishlab chiqarish sohasida o‘zaro hamkorlik nazarda tutilgan. Qazilma yoqilg‘ini kam emissiyali yechimlarga muqobil sifatida ilgari surish bo‘yicha qo‘shma ish olib borish ham ehtimoliy yo‘nalish sifatida qayd etilgan.

Moskva va Pekin munosabatlarining susayishi

Hujjatda Rossiyani, jumladan energetika bitimlari uchun ham, dollar hisob-kitob tizimiga qaytarish imkoniyati alohida tilga olingan.

Rossiya mazkur hujjatdagi biror parametrni AQSHga rasman taklif qilgan-qilmagani noma’lum. Rossiya prezidenti Vladimir Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov izoh so‘roviga javob bermagan.

«Bloomberg»ning yozishicha, dollarda hisob-kitoblarga qaytish Rossiyani yana Vashingtonning moliyaviy nazorati ostiga qaytarish va Rossiya iqtisodiyotining zaifligini kamaytirishga qaratilgan sa’y-harakatlardan voz kechishni anglatadi. Nashr qo‘shimcha qilishicha, bu qadam Donald Tramp ma’muriyati uchun Moskva va Pekin o‘rtasidagi munosabatlarni susaytirish borasida yutuq bo‘lishi mumkin.

«Dmitriyev paketi»

Fevral oyi boshida Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya va AQSH Kiyev bilan tinchlik muzokaralari bilan bir vaqtda keng ko‘lamli ikki tomonlama iqtisodiy kelishuvlarni ham muhokama qilayotganini ma’lum qildi.

Zelenskiy Kreml muzokarachisi sharafiga «Dmitriyev paketi» deb atagan Moskva taklifi haqidagi ma’lumot Ukraina razvedkasi tomonidan to‘plangan. Kreml muzokarachisi Kirill Dmitriyev ayni paytda Rossiya To‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasiga ham rahbarlik qiladi.

Teglar

Mavzuga oid