«Krokus» ishi bo‘yicha umrbodga qamalgan shaxs tergov izolyatorida o‘z joniga qasd qildi

Bugun 22:081 daqiqa

Halok bo‘lgan shaxsning ismi rasman ochiqlanmagan. Biroq «Shot» marhum 37 yoshli Yakubjoni Yusufzoda ekanini yozmoqda.

«Krokus» ishi bo‘yicha umrbodga qamalgan shaxs tergov izolyatorida o‘z joniga qasd qildi

«Krokus Siti Xoll»dagi terrorchilik ishi bo‘yicha umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan shaxs tergov izolyatorida o‘z joniga qasd qildi. Bu haqda RBK Rossiya Federal jazoni ijro etish xizmatiga tayanib, xabar berdi.

«Voqea joyida jonlantirish choralari ko‘rildi, ammo ular natija bermadi. Hozirda tekshiruv o‘tkazilmoqda, natijalar bugun ma’lum bo‘ladi», — deyiladi idora xabarida.

Halok bo‘lgan shaxsning ismi rasman ochiqlanmagan.

Kuch ishlatar tuzilmalariga yaqin bo‘lgan «Shot» Telegram-kanalining xabar berishicha, 37 yoshli Yakubjoni Yusufzoda o‘z joniga qasd qilgan. Bu voqea Moskvadagi «Matrosskaya tishina» tergov izolyatorida sodir bo‘lgan. Shifokorlar uni shifoxonaga yetkazishgan va hayotini saqlab qolishga urinishgan, biroq buning iloji bo‘lmagan.

«Krokus Siti Xoll»dagi terrorchilik hujumi 2024-yil 22-mart kuni yuz bergan edi. Terrorchilar majmuaga «Piknik» guruhining konserti boshlanishi arafasida bostirib kirishgan. Ular tomoshabinlar va xodimlarga qarata o‘t ochib, so‘ngra konsert zalini yoqib yuborishgan. Fojia oqibatida 150 kishi halok bo‘lgan.

2026-yilning mart oyida Ikkinchi G‘arb okrug harbiy sudi terrorchilikning to‘rt nafar asosiy ijrochisini umrbod qamoq jazosiga hukm qildi. Dalerjon Mirzoyev, Saidakrami Rachabalizoda, Shamsidin Fariduni va Muhammadsobir Fayzovlarga umrbod jazo tayinlandi. Bundan tashqari, tergov ijrochilarga ko‘makchi deb topgan yana 11 nafar shaxs ham umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi. Ular orasida Yusufzoda Yakubjoni ham bor edi.

Teglar

Mavzuga oid