«Krokus» terakti ishi: 15 nafar sudlanuvchiga umrbod qamoq jazosi so‘raldi

16.02.2026 | 23:202 daqiqa

Umrbod qamoq jazosi so‘ralganlar orasida teraktning to‘rt nafar bevosita ijrochisi deya aytilayotgan to‘rt nafarTojikiston fuqarosi ham bor.

«Krokus» terakti ishi: 15 nafar sudlanuvchiga umrbod qamoq jazosi so‘raldi

Rossiya Bosh prokuraturasi 2024 yil 22-mart kuni «Krokus Siti Xoll»da sodir etilgan terakt bo‘yicha ayblanayotgan 19 nafar shaxsdan 15 nafariga umrbod qamoq jazosi tayinlashni so‘radi.

Rossiya Bosh prokuraturasi 2024 yil 22-mart kuni Moskva oblastining Krasnogor hududidagi «Krokus Siti Xoll» konsert zalida sodir etilgan terakt bo‘yicha ayblanayotgan 19 nafar shaxsdan 15 nafariga umrbod qamoq jazosi tayinlashni so‘radi. Bu haqda mahalliy nashrlar xabar bermoqda.

Jinoyat ishi doirasida jami 19 kishi sudlanmoqda. Prokuror tomonidan so‘ralgan eng kam jazo muddati 19 yilni tashkil etdi. Umrbod qamoq jazosi so‘ralganlar orasida teraktning to‘rt nafar bevosita ijrochisi deya aytilayotgan — Tojikiston fuqarolari Shamsiddin Fariduniy, Dalerjon Mirzoyev, Muhammadsobir Fayzov va Saidakromi Rajabalizoda bor.

Shuningdek, ish bo‘yicha Shahromjon Gadoyev, Zubaydullo Ismoilov, Husayn Hamidov, Muhammad Zoir Sharipzoda, Yoqubjoni Davlatxon Yusufzoda, Nazrimad Lutfulloiy, Jumaxon Qurbonov, Husen Medov, Jabroil Aushev, Alisher Qosimov, Umedjon va Mustaqim Soliyevlar, Isroil Islomov, Dilovar va Aminjon Islomovlar ham ishtirok etmoqda. Ularning aksariyati Tojikiston fuqarolaridir.

Tergov versiyasiga ko‘ra, «Krokus»ga hujumni ISHID tarkibiga kiruvchi «Viloyati Xuroson» terrorchilik tashkiloti uyushtirgan. Shu bilan birga, tergovchilar tashkilotda xorijiy maxsus xizmatlar ishtirok etganini va hujum Ukraina oliy rahbariyati manfaatlarini ko‘zlab amalga oshirilganini ta’kidlamoqda. Biroq terakt tashkilotchilari haligacha topilmagan.

Ma’lumot uchun, mazkur terakt oqibatida 146 kishi halok bo‘lgan, 550 nafardan ortiq kishi jarohatlangan. Ish bo‘yicha jami ikki mingdan ortiq kishi jabrlanuvchi deb topilgan. Qurollangan shaxslarning konsert zaliga bostirib kirishi va binoga o‘t qo‘yishi oqibatida «Krokus» binosi butunlay yonib ketgan.

Teglar

Mavzuga oid