
Kumushning qiymati oltindan ham tezroq o‘smoqda
Jahon bozorida kumush narxi tarixda ilk bor 60 dollardan oshib, yillik o‘sish 109 foizga yetdi. AQSH Markaziy bankining kutilyotgan stavka pasayishi va global ta’minot tanqisligi metall qiymatini keskin oshirmoqda.

Forbes nashrining ma’lum qilishicha, spot kumush (hozirgi bozor bo‘yicha real, darhol yetkaziladigan kumush narxi) so‘nggi bir kun ichida taxminan 4 foizga oshib, Nyu-York tovar birjasida bir troy unsiyasi 60,8 dollar atrofida bo‘ldi. Kumush fyucherslari (oldindan kelishilgan narx) ham 4 foizdan ko‘proq o‘sib, qariyb 61 dollarga yetdi, kun davomida esa 61,06 dollarlik ichki rekordni qayd etdi.
Kumush qiymatining keskin ko‘tarilishida Amerika Qo‘shma Shtatlari Markaziy banki yertaga qayta stavka пасайтириши mumkinligi haqidagi kutilmalar muhim rol o‘ynamoqda. CME FedWatch ma’lumotlariga ko‘ra, bozor ishtirokchilari Markaziy bankning 0,25 foizlik pasaytish ehtimolini 87 foiz deb baholamoqda. Odatda past stavkalar va zaif dollar qimmatbaho metalllarga talabni kuchaytiradi.
Shu bilan birga, yil boshidan beri AQSH dollar indeksi 8,5 foizga, oxirgi bir oyda esa 0,5 foizga kamaygani ham metall bozorlarida optimizmni kuchaytirdi. Noyabr oyida kumush AQSH Geologiya xizmati tomonidan strategik minerallar ro‘yxatiga kiritildi. Bu qarori ortidan investorlar kumush ta’minotidagi xavflar va ehtimoliy bojlar bo‘yicha jiddiy signal sifatida qaramoqda.
Yillik o‘sish sur’atlari kumushni oltindan ham ustun o‘ringa olib chiqdi. Spot kumush narxi qariyb 109 foiz oshgan bo‘lsa, oltin 60 foizga o‘sgan. Platina ham elektr transportiga ehtiyoj ortishi fonida 86 foizga ko‘tarilgan.
Goldman Sachs analitigi Lina Tompsonning ta’kidlashicha, 2025 yil davomida iqtisodiy va siyosiy noaniqliklar yuqori bo‘lgan davrlarda qimmatbaho metallarga talab kuchaygan. Oltin bahosi mart va oktabrda mos ravishda 3 000 va 4 000 dollarlik bosqichlarni ortda qoldirdi. Kumush esa 1980 yil yanvardagi 49,95 dollarlik tarixiy rekordni yangiladi.





