
«Kupyansk qo‘ldan ketdi» — Rossiyaning harbiy Z-blogerlari jazavada
Rossiyaga yaqin Z-kanallarga ko‘ra, Ukraina Qurolli kuchlari Kupyansk ustidan nazoratni deyarli to‘liq tiklagan, Rossiya armiyasi esa shahardan siqib chiqarilmoqda.

Xarkiv oblastining muhim temiryo‘l tuguni hisoblangan Kupyanskda Rossiya armiyasi pozitsiyalari keskin zaiflashgan. Bu haqda Rossiyaga yaqin Z-blogerlar va harbiy telegram-kanallar xabar bermoqda. Ularning ta’kidlashicha, Ukraina Qurolli kuchlari (UQK) shahar ustidan amalda nazoratni qaytarib olgan.
«Ribar» Telegram kanalining ma’lum qilishicha, Rossiya qo‘shinlari Oskil daryosining g‘arbiy sohilidagi katta platsdarmdan ayrilgan. Xususan, Kondrashivka, Radkivka va Moskivka qishloqlari yo‘qotilgan. Kanalga ko‘ra, Kupyanskning o‘zida ham, sharqiy sohilda ham vaziyat «jiddiydan ham yomonroq».
Ma’lum qilinishicha, UQK sut va konserv kombinati atrofidagi hududlar ustidan nazoratni tiklagan, Kucherivka va Petropavlivkani ushlab turibdi. Rossiya armiyasi mudofaasi esa parchalangan holatda qolmoqda va faqat dron operatorlarining doimiy ishi hisobidan butunlay yemirilib ketmayapti.
«Ribar» Rossiya armiyasi Kupyansk atrofida og‘ir yo‘qotishlarga uchrayotganini ham qayd etadi. Kanal ma’lumotiga ko‘ra, dekabr oyining o‘zida ayrim bo‘linmalar qariyb 150 nafar harbiydan ayrilgan. Muammoning asosiy sababi sifatida yuqoriga berilgan noto‘g‘ri hisobotlar tilga olinadi.
Shuningdek, «Dva mayora» kanali ham Kupyansk yo‘nalishidagi muammolarni tasdiqladi. Uning yozishicha, Peschane, Kurilivka va Petropavlivka amalda Rossiya nazoratida emas. Zaxira kuchlar boshqa frontlarga olib ketilgani sabab, egallangan nuqtalarda ham mustahkamlanishga erishilmagan.
«Voyenniy Osvedomitel» esa Rossiya armiyasi Kupyanskning deyarli barcha hududlarini qo‘ldan boy berganini yozadi. Kanalga ko‘ra, shahar nazorati haqidagi sahnalashtirilgan videolar real holatni o‘zgartira olmagan.
Amerikadagi Institute for the Study of War (ISW) ma’lumotlariga ko‘ra, Ukraina qo‘shinlari Kupyansk aglomeratsiyasining katta qismini nazorat qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Rossiya Bosh shtabi rahbari Valeriy Gerasimov 20-noyabr kuni Vladimir Putinga Kupyansk to‘liq egallangani haqida hisobot bergan edi. 2-dekabr kuni Putin ham shahar bir haftadan beri Rossiya nazoratida ekanini aytgan.
Biroq 12-dekabr kuni Ukrainaning «DeepState» OSINT loyihasi UQK Rossiya bo‘linmalarini Kupyanskda qurshab olgani va shaharning shimoliy-g‘arbiy qismi tozalanganini ma’lum qildi. Shu kuni Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Kupyanskka kelib, shahar kirish qismidan video e’lon qilgan.
Shunga qaramay, 17-dekabr kuni Rossiya mudofaa vaziri Andrey Belousov yana Kupyansk egallangani haqida Putinga axborot bergan. 19-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan «to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqot»da Putin ham bu da’voni takrorlab, Zelenskiyning shahar ostonasiga tashrifini sahnalashtirish, deb atagan.





