add

Kuz faslining oktyabr oyi qanday ob-havoda o‘tadi?

02.10.2025 | 11:205367

Sentyabr oyining kam bulutli va quruq ob-havosidan so‘ng, oktyabr oyiga xos bo‘lgan asosan bulutli va ba’zida yomg‘irli bo‘lgan sovuq havo massalari kirib kelishi kutilmoqda.

Kuz faslining oktyabr oyi qanday ob-havoda o‘tadi?
Oktyabr oyida o‘rtacha oylik havo harorati sentyabr oyiga nisbatan +6...+7 darajaga, respublika shimolida +8...+9 darajaga past bo‘ladi, deya ma’lumot bermoqda O‘zgidromet. Mamlakat hududining katta qismida o‘rtacha kechki harorat +5...+10 darajani tashkil etadi. Kunduzgi harorat odatda +23...+28 daraja iliqdan (ayrim yillarda +30...+35 daraja qiymatga yetgan) +10...+15 daraja iliqqacha o‘zgarib turadi. Albatta, har yili tabiat ob-havo sharoitlariga o‘z tuzatishlarini kiritadi va ba’zida haqiqiy harorat iqlim me’yoridan sezilarli darajada farq qilishi mumkin. Oktyabr oyida, ayniqsa oyning ikkinchi yarmida, ko‘pincha birinchi kuzgi sovuqlar kuzatiladi. Meteorologik kuzatuvlarning 150 yildan ortiq tarixida harorat kechalari +6...+11 daraja sovuqqacha, shimolda +10...+15 daraja sovuqqacha, Ustyurtda +2 daraja sovuqqacha pasaygan yillar ham kuzatilgan. Toshkentda 1909 yilning oktyabr oyida rekord darajadagi minimal harorat, +11,2 daraja sovuq qayd etilgan. Oktyabr oyidagi eng yuqori harorat ko‘rsatkichlari respublika hududining katta qismida +37...+38 darajani, mamlakat shimolida va Farg‘ona vodiysida +32...+35 darajani tashkil etgan. Iqlim me’yoriga ko‘ra, oktyabr oyida 4 kundan 6 kungacha, tog‘larga yaqin joylarda 7-9 kungacha, respublikaning eng chekka janubida 1 kundan 3 kungacha yomg‘ir yog‘ishi mumkin. Kamdan-kam hollarda esa juda qattiq sovuq kuzatilganda (8-10 yilda bir marta) yomg‘ir qisqa muddatga qorga aylanadi. Ko‘p yillik davr uchun o‘rtacha yog‘ingarchilik miqdori 13 mm dan 25 mm gachani, tog‘larda 27 mm dan 70 mm gachani, shimolda, janubda va cho‘l hududlarda 3 mm dan 11 mm gachani tashkil etadi. O‘zbekistonning barcha hududi bo‘yicha 2015 yil oktyabr oyi, yuz yillikdagi eng yomg‘irli yil bo‘lgan. Toshkentda oylik yog‘ingarchilik miqdori 88 mm ni (oylik me’yordan deyarli 4 baravar ko‘p) tashkil etib, 3 kun ichida 62 mm yomg‘ir yoqqan. Toshkentda barcha kuzatuv qatorlari uchun oktyabr oyida maksimal oylik yog‘ingarchilik miqdori 1901 yilda qayd etilgan bo‘lib, u 126 mm ni tashkil etgan. Ayrim yillarda bir oyda yog‘ingarchilik kuzatilgan kunlar soni 2-3 kundan oshmagan va qator hududlarda juda kam hollarda yog‘ingarchilik kuzatilmaydigan oktyabr oylari ham qayd etilgan. 2001-2024 yillar davri uchun 2020 yil oktyabr oyi eng quruq bo‘lib, oy davomida hududning katta qismida quruq ob-havo saqlanib turgan. Bu yil oktyabr oyi ob-havoning keskin o‘zgarishi bilan boshlanadi. Sentyabr oyining oxirida kuzatilgan iliq ob-havodan so‘ng, 1-2 oktyabr kunlari O‘zbekiston hududida ushbu mavsumdagi birinchi kuzgi sovuq kirib kelishi kutilmoqda. Respublika shimolida, markaziy va sharqiy viloyatlarda ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘ishi mumkin. Havo harorati kunduz kunlari +18...+21 darajagacha, kechalari +8...+13 darajagacha, respublika shimolida kunduz kunlari +13...+16 darajagacha, kechalari +4...+5 daraja iliqqacha pasayadi. 3 oktyabrda faqat Farg‘ona vodiysi viloyatlarida yomg‘ir yog‘ish ehtimoli bor. 4-10 oktyabrda butun respublika bo‘yicha asosan yog‘ingarchiliksiz ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. Havo harorati +5...+7 darajaga ko‘tariladi. Kunduz kunlari havo +23...+26 darajagacha isiydi. Oktyabr oyining ikkinchi va uchinchi o‘n kunliklarida ayrim kunlarda (2-3 kun) ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘adi. Harorat kechalari +10...+15 darajadan +5...+10 darajagacha (respublika shimolida 2 daraja sovuqqacha bo‘lishi mumkin), kunduz kunlari +23...+28 darajadan +15...+20 darajagacha o‘zgarib turadi.

Teglar

Mavzuga oid

Kuz faslining oktyabr oyi qanday ob-havoda o‘tadi? | Vaqt.uz