
Lactalis 1,5 mln so‘mlik suv kamomadi uchun 5,3 mlrd so‘m jarimaga tortildi
30.06.2025 | 10:15170911
Soliq qo‘mitasi rahbari bu holatni o‘rganib chiqishga va’da berdi. «Bu hech qanday qolipga sig‘maydi», — deb ta’kidladi Sherzod Qudbiyev.

Lactalis kompaniyasi 5,3 mlrd so‘m miqdoridagi jarimaga tortilganligi haqida 27 iyun kuni xorijiy kompaniya vakili Doniyor Najimiddinov tarmoq va sanoat uyushmalari rahbarlari bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, yaqinda Lactalisda soliq tekshiruvi o‘tkazilgan va natijada bir nechta omborlarda shisha idishga qadoqlangan suv bo‘yicha 1,5 mln so‘mlik kamomad aniqlangan.
«Bizning umumiy aylanmamiz qariyb 1 trln so‘mni tashkil etadi. Soliqchilar 1,5 mln so‘mlik suv noqonuniy sotilgan deb baholab, Soliq kodeksining 223 va 227-1 moddalari, jumladan, tovarlarni majburiy raqamli markirovka qilish qoidalarini buzganlik uchun 5,3 mlrd so‘m jarima qo‘llashdi. Investor shok holatida qolganini aytish — bu vazit yuzasidan hech narsa demaslik», — dedi u.Bu holatga javoban Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov Lactalis vakiliga xorijiy investorga «jazo hamma uchun barobar» ekanini yetkazishni tavsiya qildi. Najmiddinovning ta’kidlashicha, Soliq kodeksida kamomad avtomatik tarzda majburiy raqamli markirovka qoidalarini buzish, deb baholanishi haqida normalar yo‘q. Ilgari bunday hollarda soliq organlari yetishmayotgan tovarni sotilgan deb baholab, QQS qo‘shib chiqarishardi. Ammo raqamli markirovka joriy etilgandan keyin yondashuv o‘zgardi: endilikda kamomad markirovka qoidalarini buzish, deb baholanmoqda. Lactalis vakili yetishmovchilik bo‘yicha javobgarlik belgilanishi uchun uning miqdoriy chegarasini belgilash taklifini bildirdi.
«Soliqchilar bizga shunday dedi: agar hatto 1 so‘mlik kamomad aniqlansa ham, sizga to‘qima sof choraklik tushumingizning 2 foizi miqdorida jarima qo‘llaymiz. Hozir esa bor-yo‘g‘i 10 ta butilka uchun bizni choraklik tushumning 2 foizlik jarimaga tortyapti», — deb qo‘shimcha qildi u.Soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Qudbiyev Lactalis kompaniyasiga 1,5 mln so‘mlik suv tanqisligi uchun raqamli markirovka qoidalarini buzdi, deya ayb qo‘yish noto‘g‘ri ekanini ta’kidladi. U Soliq nizolarini sudgacha hal qilish boshqarmasiga bu ishni alohida o‘rganish va Lactalisga nisbatan akt tuzgan soliq inspektorini chaqirishni topshirdi. «1,5 mln so‘mlik kamomad uchun sof choraklik tushumning 2 foizini miqdorida jarima qo‘llanishi hech qanday chegaraga sig‘maydi», — deya xulosa qildi Soliq qo‘mitasi rahbari. 227-1 modda nima haqida? 227-1 modda yangi tahrirdagi Soliq kodeksiga 2022 yil 11 martda kiritilgan va tasdiqlangandan uch oy o‘tib — 13 iyun kuni kuchga kirgan. Mazkur modda quyidagi talablarni o‘z ichiga oladi:
- fiskal belgilarni aks ettirish yoki avtomatlashtirilgan hisobga olish o‘lchov vositalari bilan jihozlash;
- soliq organlarining axborot tizimlari bilan integratsiyani ta’minlash;
- ishlab chiqaruvchilar, importchilar va sotuvchilar tomonidan tovarlarni (alkogol va tamaki mahsulotlari, pivo, ichimliklar, gazli suvlar, dori vositalari, maishiy texnika) majburiy raqamli markirovka qilish qoidalarini buzish.
- bir oy ichida birinchi marta — sof tushumning 0,2 foizi;
- bir yil ichida ikkinchi marta — sof tushumning 0,4 foizi;
- bir yil ichida uchinchi marta — sof tushumning 1 foizi;
- bir yil ichida to‘rtinchi va undan keyingi hollarda— sof tushumning 2 foizi.





