add

Lavrov Rossiya va Markaziy Osiyo munosabatlaridagi «5+1» formati haqida

Bugun 10:092 daqiqa

Rossiya TIV rahbari Rossiya Markaziy Osiyoga yetarlicha e’tibor qaratmayapti, degan fikrga qo‘shilmasligini ta’kidladi.

Lavrov Rossiya va Markaziy Osiyo munosabatlaridagi «5+1» formati haqida

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Markaziy Osiyo bilan «o‘zaro yaqinroq munosabatlarni» rivojlantirish rejalari haqidagi savolga javob berdi. Bu haqda Nur.kz Rossiyaning Qozog‘istondagi elchixonasiga tayanib, xabar berdi.

Elchixona Rossiya TIV rahbari Sergey Lavrovning o‘tgan yil yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanidan parcha e’lon qildi. Xususan, jurnalist tashqi siyosat idorasi Markaziy Osiyo davlatlari bilan «iliqroq va yaqinroq munosabatlarni rivojlantirishni» rejalashtiryaptimi yoki yo‘qmi, deb aniqlik kiritdi.

«5+1» shaklidagi mexanizm

Vazirning qayd etishicha, Rossiya avvaliga MDH, KXSHT, SHHT va YOII kabi mavjud tuzilmalar hamkorlik uchun yetarli deb hisoblagan. Biroq, vaqt o‘tishi bilan «5+1» shaklidagi alohida muloqot mexanizmini yaratish zarur degan qarorga kelgan.

«Biz ma’lum vaqtgacha, modomki markaziy osiyolik do‘stlarimiz bilan MDH, KXSHT, SHHT doirasida, ularning bir qismi bilan esa YOII doirasida hamkorlik qilayotgan ekanmiz, ehtimol, bunday rasmiy «5+1» tuzilmasini yaratish shart emasdir, degan fikrga kelgan edik. Biroq bir necha yil oldin bu zarur degan qarorga keldik. O‘tgan yilning kuzida «Rossiya+Markaziy Osiyo» ikkinchi sammiti bo‘lib o‘tdi», - degan Lavrov jurnalistning tegishli savoliga javoban.

«Markaziy Osiyoga kam e’tibor qaratyapmiz»

Lavrovga «Rossiya Markaziy Osiyoga yetarlicha e’tibor qaratmayaptimi?» qabilidagi savol ham berildi.

«Hamkorligimizning barcha sohalarini qamrab oluvchi qo‘shma harakatlar rejasi, keng qamrovli hujjat tasdiqlandi. Shuning uchun men Markaziy Osiyoga kam e’tibor qaratyapmiz, deb aytmagan bo‘lardim. Aslo unday emas. Agar sizda shunday taassurot uyg‘ongan bo‘lsa, bunday hissiyot nimaga asoslanganini tushuntirib, bizga aytib bersangiz yoki biror qog‘oz (ma’lumotnoma) yuborsangiz, minnatdor bo‘lardim», - deb javob berdi Lavrov.

Teglar

Mavzuga oid