
Lotereya o‘rniga malaka: AQSH ishchi vizasini berish tartibini o‘zgartirmoqda
AQSH ma’muriyati H-1B ishchi vizalarini berishda tasodifiy lotereya tizimidan voz kechib, asosiy e’tiborni nomzodlarning professional mahorati va taklif etilayotgan ish haqi miqdoriga qaratishni rejalashtirmoqda.

AQSH ma’muriyati H-1B toifasidagi ishchi vizalari uchun nomzodlarni saralash tartibiga jiddiy o‘zgartirishlar kiritishni rejalashtirmoqda. Yangi tartibga ko‘ra, asosiy ustuvorlik — yuqori malakaga ega va eng ko‘p maosh taklif etilayotgan mutaxassislarga beriladi. Bu haqda Financial Times xabar berdi.
Nashrining ma’lum qilishicha, mazkur yangi qoidalar 2026 yilning fevral oyidan e’tiboran amaliyotga joriy etilishi kutilmoqda.
AQSH Fuqarolik va immigratsiya xizmatiga ko‘ra, ko‘plab Amerika kompaniyalari amaldagi lotereya tizimidan o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanib kelgan. Ular mahalliy mutaxassislarga qaraganda ancha past ish haqi evaziga xorijlik xodimlarni yollash orqali tizimni suiiste’mol qilgan.
Qayd etilishicha, yangi islohot tasodifiy tanlov (lotereya) tamoyilidan voz kechib, asosiy e’tiborni nomzodning professional malakasi hamda mehnatiga to‘lanadigan haq miqdoriga qaratishni ko‘zda tutadi.
Financial Times nashrining yozishicha, bu o‘zgarishlar prezident Donald Tramp davridagi migratsiya siyosatini qat’iylashtirish yo‘lidagi navbatdagi bosqichdir.
Prezident Tramp joriy yilning sentabr oyida H-1B dasturini isloh qilish haqidagi farmonni imzolagan edi. Unga ko‘ra, ushbu viza bilan AQSHga kirish uchun 100 000 dollar miqdorida maxsus yig‘im undirilishi belgilangan.
Ma’lumot uchun: H-1B - amerikalik ish beruvchilarga axborot texnologiyalari, muhandislik, matematika va tibbiyot sohalarida xorijiy mutaxassislarni yollash imkonini beruvchi noimmigratsion viza hisoblanadi. Hozirgi vaqtda AQSHda ushbu viza bilan 730 mingdan ortiq mutaxassis va ularning 550 mingga yaqin oila a’zolari qonuniy istiqomat qilib kelmoqda.





