
Lukashenko sanksiyalar yechilishi evaziga siyosiy mahbuslarni ozod qildi
Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko kaliy o‘g‘itlariga qo‘yilgan sanksiyalar olib tashlanishi ortidan 100 nafardan ortiq siyosiy mahbusni ozod qildi.

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko 123 nafar siyosiy mahbusni ozod qilish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bu qaror AQSH tomonidan Belarus kaliy o‘g‘itlariga nisbatan joriy etilgan sanksiyalarni bekor qilish ortidan qabul qilingan.
Ma’lum qilinishicha, prezident qarori bilan jami 123 nafar shaxs afv etilgan. Ular josuslik, ekstremistik va terroristik faoliyatda ayblanib, turli muddatlarga ozodlikdan mahrum etilgan fuqarolar hisoblanadi. Ma’muriyat bayonotiga ko‘ra, afv etish qarori AQSH prezidenti Donald Tramp bilan erishilgan kelishuvlar doirasida va uning iltimosiga binoan qabul qilingan.
Ozod etilganlar orasida 2020 yilgi prezident saylovlarida nomzod bo‘lgan Viktor Babariko, uning saylov shtabi rahbari Mariya Kolesnikova hamda Nobel tinchlik mukofoti sohibi, huquq himoyachisi Ales Belyatskiy bor. Huquq himoyachilari ma’lumotlariga ko‘ra, barcha ozod etilgan shaxslar Belarusdan chiqarilgan va xavfsiz hududlarga joylashtirilgan.
Ukrainaning «Yashashni istayman» loyihasining ma’lum qilishicha, ozod qilinganlarning 114 nafari Ukraina hududiga olib chiqilgan. Mariya Kolesnikova mamlakatni tark etgan, Ales Belyatskiy esa majburiy tarzda deportatsiya qilingan. Belarus muxolifati vakillarining ta’kidlashicha, barcha sobiq mahbuslar hozir xavfsiz joyda.
Qaror AQSHning kaliy o‘g‘itlariga qo‘yilgan sanksiyalarni bekor qilishi bilan bir vaqtga to‘g‘ri keldi. AQSHning Belarus bo‘yicha maxsus vakili Jon Koul sanksiyalar 2021 yilda joriy etilganini va ularni olib tashlash Minsk bilan munosabatlarni normallashtirish yo‘lida muhim qadam ekanini ta’kidladi. Kaliy o‘g‘itlari eksporti Belarus byudjeti daromadlarining katta qismini tashkil etadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi oylarda Lukashenko AQSH bilan kelishuvlar doirasida jami 156 nafar mahbusni afv etgan. Ular orasida AQSH, Buyuk Britaniya, Litva, Ukraina va boshqa davlatlar fuqarolari ham bor.





