
«Lukoil» — tamom: Alekperov neft imperiyasi qulash yoqasida
AQSH sanksiyalari ostida qolgan «Lukoil» xorijdagi aktivlarini sotishga majbur bo‘lmoqda. Kompaniya 11 davlatdagi ob’ektlarini yo‘qotsa, daromadining kamida 30 foizini yo‘qotishi mumkin.

Rossiyaning eng yirik xususiy neft kompaniyasi «Lukoil» jahon bozoridan siqib chiqarilmoqda. Bir necha o‘n yillar davomida Vagit Alekperov tomonidan qurilgan neft imperiyasi — sanksiyalar, moliyaviy bosim va siyosiy cheklovlar fonida yemirilish bosqichiga kirdi. Forbes ma’lumotlariga ko‘ra, Alekperovning shaxsiy boyligi 28 mlrd dollarga baholangan, ammo uning asosiy aktivi — «Lukoil» endi jon saqlash yo‘lini izlamoqda.
«Lukoil» endi tamom bo‘ldi, deb yozmoqda Politico nashri.
AQSH Moliya vazirligi sanksiyalaridan so‘ng kompaniya 11 mamlakatdagi korxonalarini sotishni boshladi. Ular orasida Bolgariya, Ruminiya va Niderlandiyadagi neftni qayta ishlash zavodlari, Yevropa Ittifoqidagi yoqilg‘i stansiyalari, shuningdek Ozarboyjon, Qozog‘iston, O‘zbekiston, Iroq, Misr, BAA va Afrikadagi qazib olish loyihalari bor. Politico bilan suhbatda bo‘lgan sobiq top-menejerning ta’kidlashicha, «Lukoil» xorijiy aktivlarsiz qolsa, tushumining 30 foizini yo‘qotadi.
2024 yilda kompaniyaning umumiy daromadi 8,4 trln rublga yetgan, shundan 1 trln rubl dividend sifatida aksionerlarga to‘langan. Alekperovning shaxsiy ulushi orqali u 2 mlrd dollar atrofida foyda olgan. Ammo endi kompaniya 15–17 foiz qazib olish hajmini va yarim gaz resurslarini yo‘qotishi mumkin. Bu haqda «Alfa-bank» tahlilchilari ma’lum qildi.
Sotilayotgan aktivlarning umumiy qiymati 10 mlrd dollar atrofida bo‘lsa-da, mutaxassislar «Lukoil» ularni 50–70 foiz arzonlashtirishga majbur bo‘lishini aytishmoqda. Kasatkin Consulting direktori Dmitriy Kasatkinning fikricha, kompaniya sanksiyalarga duch kelgan mamlakatlarda aktivlarni «besh pulga» sotishi mumkin.
AQSH Moliya vazirligi litsenziyasiga ko‘ra, barcha bitimlar 21 noyabrgacha yakunlanishi kerak, ammo bu muddatda sotuvni amalga oshirish amri mahol — bunday jarayonlar odatda 6–12 oy talab qiladi. «Alfa-bank» mutaxassislari fikricha, «Lukoil» ehtimol, muddatni uzaytirish so‘rovi bilan chiqadi.
Shu bilan birga, Iroq, Qozog‘iston va Ozarboyjondagi yirik konilar kompaniya tarkibida saqlanib qolishi mumkin. Qozog‘istondagi «Tengizchevronoil» va Kaspiy neft quvuri konsorsiumi kabi loyihalar AQSH sanksiyalaridan ozod etilgan.
Rossiyalik energetika sohasi tahlilchisi Aleksey Gromovning ta’kidlashicha, Rossiyada qazib olinayotgan neftning kelgusi taqdiri 2026 yil boshlarida ma’lum bo‘ladi. Unga ko‘ra, Xitoy bilan hamkorlik saqlanishi mumkin, ammo Hindiston bilan kelishuvlar AQSH bosimi sabab murakkablashishi ehtimoldan xoli emas.
Avvalroq «O‘zbekneftgaz» rasmiysi «Lukoil»ning O‘zbekistondagi aktivlarini sotib olish masalasi hozircha kun tartibida yo‘qligi haqida aytganini xabar bergan edik.





