add

«Lukoil» xorijiy aktivlarini AQSH kompaniyasiga sotadigan bo‘ldi

29.01.2026 | 15:352 daqiqa

Rossiyaning «Lukoil» kompaniyasi xalqaro aktivlarini sotish bo‘yicha AQSHning «Carlyle» jamg‘armasi bilan shartnoma imzoladi.

«Lukoil» xorijiy aktivlarini AQSH kompaniyasiga sotadigan bo‘ldi

Rossiyaning yirik neft-gaz kompaniyasi «Lukoil» o‘zining xorijdagi aktivlariga egalik qiluvchi «LUKOIL International GmbH» korxonasini sotish bo‘yicha AQSHning «Carlyle» investitsiya jamg‘armasi bilan kelishuvga erishdi. Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, ushbu bitim noeksklyuziv xarakterga ega bo‘lib, bir qator regulyator talablari bajarilgandan keyin yakuniga yetishi mumkin.

Kelishuv shartlari

Imzolangan shartnomaga muvofiq, bitim AQSH Moliya vazirligining Xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi (OFAC) tomonidan tasdiqlanishi lozim. Shuningdek, kelishuv Qozog‘iston hududidagi aktivlarni o‘z ichiga olmaydi. Ushbu loyihalar «Lukoil» mulkida qoladi va amaldagi litsenziyalar asosida faoliyatini davom ettiradi.

Kompaniya shu bilan birga boshqa potensial xaridorlar bilan ham muzokaralarni davom ettirayotganini ma’lum qildi. «Reuters» manbalariga ko‘ra, aktivlarni sotib olishga 10 ga yaqin investor qiziqish bildirgan. Ular orasida «Exxon Mobil», «Chevron», «Carlyle» hamda Saudiya Arabistonining «Midad Energy» kompaniyasi bor. «Carlyle» investitsiya jamg‘armasi hozirda 474 mlrd dollarlik aktivlarni boshqaradi va dunyodagi eng yirik xususiy investitsiya kompaniyalaridan biri hisoblanadi.

Qozog‘iston pozitsiyasi

Qozog‘iston Energetika vazirligi «Lukoil»ning mamlakatdagi aktivlari bo‘yicha vaziyatga munosabat bildirdi. Vazir Yerlan Akkenjenovning aytishicha, qonunchilikka ko‘ra, davlatda bunday aktivlarni sotib olishda ustuvor huquq mavjud. Uning ta’kidlashicha, bitim turli moliyaviy mexanizmlar, jumladan, kechiktirilgan to‘lov yoki xomashyodan tushgan daromadlar hisobiga amalga oshirilishi mumkin.

Ayni paytda Qozog‘istonda bir necha variant ko‘rib chiqilmoqda. Avvalroq mahalliy OAV «KazMunayGaz» milliy kompaniyasi «Lukoil»ning Qozog‘istondagi ulushlarini sotib olish imkoniyatini o‘rganayotgani haqida xabar bergan edi.

Ma’lumot uchun, «Lukoil» O‘zbekiston, Qozog‘iston, Ozarbayjon, Iroq, Nigeriya va boshqa qator mamlakatlarda neft-gaz loyihalarida ishtirok etadi. 2025 yil oktabrida AQSH tomonidan joriy etilgan sanksiyalardan so‘ng kompaniya xorijiy aktivlarini sotish rejalarini e’lon qilgan.

Teglar

Mavzuga oid