add

Maduro va rafiqasi «yulduzlar» qamaladigan qamoqxonaga joylashtirildi

06.01.2026 | 13:552 daqiqa

Nikolas Maduro va Siliya Flores Nyu Yorkdagi eng qattiq qo‘riqlanadigan qamoqxonaga olib kelindi. Bu yerda bir paytlar El Chapo va Diddy ham saqlangan.

Maduro va rafiqasi «yulduzlar» qamaladigan qamoqxonaga joylashtirildi

Venesuela prezidenti Nikolas Maduro va uning rafiqasi Siliya Flores AQSHga olib ketilgandan so‘ng Nyu Yorkdagi «Metropolitan Detention Center Brooklyn» (MDC Brooklyn) qamoqxonasiga joylashtirildi. Ushbu muassasa AQSHda «yuqori darajadagi jinoyat ishlari kutish zali» sifatida tanilgan bo‘lib, u yerda tarixiy va rezonansli ishlarda ayblangan shaxslar saqlangan.

«MDC Brooklyn» o‘zining «mashhur mahbuslar ro‘yxati» bilan alohida shuhrat qozongan. Bu yerda ilgari Meksikaning eng mashhur narkobaronlaridan biri Xoakin «El Chapo» Gusman, shuningdek, Sinaloa kartelining asoschilaridan Ismail «El Mayo» Zambada saqlangan. Ular bilan bir qatorda musiqa industriyasidagi shov-shuvli ishlarda ayblangan shaxslar ham aynan shu muassasada sud kunini kutgan.

Musiqa olamidagi eng bahsli figuralardan biri — jinsiy jinoyatlar uchun hukm qilingan R. Kelly, shuningdek, prodyuser Sean «Diddy» Combs ham «MDC Brooklyn»da saqlangan mahbuslar qatorida bo‘lgan. Shu sababli bu qamoqxona ommaviy axborot vositalarida ko‘pincha «mashhurlar qamoqxonasi» deb ataladi.

Maduro va Flores xavfsizlik nuqtayi nazaridan boshqa mahbuslardan to‘liq izolyatsiya qilingan. AQSH Federal qamoqxonalar byurosi ma’lum qilishicha, yuqori xavf toifasiga kiruvchi shaxslar alohida bloklarda, tashqi aloqalardan uzilgan holda saqlanadi. Qamoqxona atrofida esa kuchaytirilgan qo‘riqlash rejimi joriy etilgan.

1994 yildan buyon faoliyat yuritayotgan «MDC Brooklyn» Nyu Yorkda federal jinoyat ishlari bo‘yicha asosiy muassasalardan biri hisoblanadi. Og‘ir shart-sharoitlari va qattiq tartib-qoidalariga qaramay, xalqaro xavfsizlikka daxldor ayblovlar qo‘yilgan shaxslar aynan shu yerga joylashtirilishi bilan tanilgan.

Teglar

Mavzuga oid