
Maduroning boshi uchun $50 mln: AQSH Venesueladagi rejimni ag‘darmoqchi
01.10.2025 | 08:3111344
AQSH Davlat departamenti va MRB Venesuela prezidenti Nikolas Maduroni hokimiyatdan kuch bilan chetlatish rejalarini muhokama qilmoqda.

The New York Times manbalarning ta’kidlashicha, tashabbusni Davlat kotibi va milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi Marko Rubio boshqarmoqda. Uning fikricha, Maduro legitim emas, narkotrafikda ishtirok etgan va AQSH uchun xavfli bo‘lgan jinoiy tuzilmani boshqaradi. Bu g‘oyalarni Markaziy razvedka boshqarmasi (MRB) direktori Jon Retkliff va ichki siyosat bo‘yicha maslahatchi Stiven Miller qo‘llab-quvvatlamoqda.
AQSH Davlat departamenti Maduroni qo‘lga olishga olib keladigan ma’lumot uchun mukofotni 50 mln dollargacha oshirdi. «U qonuniy rahbar emas, Amerika qonunlaridan qochib yuribdi va mintaqaviy xavfsizlikka tahdid solmoqda», — dedi Davlat departamenti vakili Tommi Pigott.
NYT manbalariga ko‘ra, Pentagon Venesuelaga qarshi turli harbiy ssenariylarni ko‘rib chiqmoqda, biroq oxirgi tasdiq hali berilmagan. Donald Tramp esa BMTda so‘zlar ekan, «Maduro va uning narkotarmoqlariga qarshi AQSH armiyasi qudrati ishlatilmoqda», deb bayonot bergan.
Iyulda Tramp narkokartellarga qarshi kuch ishlatishni ruxsat etuvchi maxfiy farmon imzolagan. AQSH Karib dengizida harbiy huzurini kuchaytirdi, bir necha hafta ichida Venesuela narkobiznesi bilan bog‘liq kemalar yo‘q qilindi. Rasmiylarga ko‘ra, 2 sentyabrdan beri kamida 17 kishi halok bo‘lgan.
Shu bilan birga, AQSH Venesuelada siyosiy almashinuv uchun ham tayyorgarlik ko‘rmoqda. Rubio muxolifat yetakchilari bilan uchrashib, Maduro ketganidan keyingi 100 soat uchun harakat rejasini muhokama qilgan. Unda hokimiyat Edmundo Gonsalesga o‘tishi ko‘zda tutilgan.
Xalqaro huquq nuqtayi nazaridan, BMT roziligisiz harbiy aralashuv noqonuniy hisoblanadi. Ammo AQSH Gonsalesni qonuniy prezident sifatida tan olgani uchun, uning so‘rovi Vashingtonga harbiy amaliyotni asoslash imkonini berishi mumkin. AQSH rasmiysi buni Panamada 1989 yilda Noriyegaga qarshi operatsiyaga qiyosladi.





