
«Maduroning vaqti tugab bormoqda»: Tramp Venesuela masalasida qaror qabul qildi
Donald Tramp ma’muriyati Venesueladagi harbiy ob’ektlarga zarba berish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bu hujumlar yaqin kunlarda yoki hatto bir necha soat ichida amalga oshirilishi mumkin.

AQSH prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Venesueladagi bir qator harbiy ob’ektlarga zarba berish bo‘yicha qaror qabul qildi, Bu haqda Miami Herald xabar bermoыda. Manbalarning ma’lum qilishicha, havo hujumlari yaqin soatlarda amalga oshirilishi mumkin.
Rejalashtirilayotgan amaliyotning asosiy maqsadi — Cartel de los Soles deb atalgan narkotik savdosi bilan shug‘ullanuvchi tuzilmaning harbiy bazalarini yo‘q qilish. AQSH hukumatining fikricha, bu uyushma Nikolas Maduro rejimidagi yuqori mansabdorlar tomonidan boshqariladi.
Manbalarga ko‘ra, havo zarbalari nafaqat harbiy ob’ektlarga, balki kartel yetakchilariga ham qaratilgan bo‘lishi mumkin. AQSH rasmiylari ushbu tuzilmaning Yevropa va AQSHga yiliga taxminan 500 tonna kokain eksport qilishini aytib o‘tgan.
Nashr suhbatdoshlaridan biri «Maduroning vaqti tugayapti» deb aytib, u yaqin orada mamlakatni tark eta olmaydigan vaziyatga tushib qolishi mumkinligini bildirgan. Shu bilan birga, Vashington Maduroni hibsga olishga olib keladigan ma’lumotlar uchun mukofot miqdorini ikki barobarga oshirib, 50 million dollarga yetkazdi. Miami Herald gazetasi xabar berishicha, bu shunday turdagi mukofotlar orasida rekord summani tashkil etadi.
The Wall Street Journal ma’lumotiga ko‘ra, AQSHda hozircha quruqlikdagi harbiy amaliyot haqida yakuniy qaror qabul qilinmagan. Ammo ehtimoliy hujumlar Maduro rejimi bilan bog‘liq narkobandlar faoliyat ko‘rsatayotgan harbiy portlar va aeroportlarga qaratilgan bo‘ladi.
22 oktyabr kuni The Washington Post Trampning Venesuelada MRBga maxfiy operatsiyalar o‘tkazishga ruxsat bergani haqida xabar qilgandi. Nashr ma’lumotiga ko‘ra, Karib dengizida o‘nlab Amerika harbiy kemalari va samolyotlari, shuningdek, minglab harbiy xizmatchilar joylashtirilgandi.
AQSH rahbari avvalroq Venesuela bilan munosabatlardagi asosiy muammolardan biri narkotrafik ekanini ta’kidlagan va 24 oktyabrda Vashington yerdagi operatsiyani ham amalga oshirishi mumkinligini bildirgan.





