
Mahalla infratuzilmasini rivojlantirish uchun viloyatlarga 20 trln so‘m ajratiladi
Prezident 2026 yilda mahallalarni rivojlantirish mablag‘lari tumanlar ish natijalariga qarab taqsimlanishini bildirib, samara ko‘rsatgan hududlar ko‘proq resurs olishini ta’kidladi.

O‘zbekistonda 2026 yildan boshlab mahalla infratuzilmasini rivojlantirish maqsadida 20 trillion so‘mlik mablag‘ viloyatlar ixtiyoriga topshiriladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev yig‘ilishda aytib o‘tdi. Davlat rahbariga ko‘ra, ushbu mablag‘ barcha tumanlar o‘rtasida teng bo‘lib berilmaydi, aksincha hududlarning loyihalarni amalga oshirishdagi natijalariga qarab taqsimlanadi.
Prezident misol sifatida Do‘stlik tumani tajribasini keltirdi. Tumanda 5 milliard so‘m maqsadli sarflanib, Chinobod mahallasidagi ikki kilometrli ko‘cha infratuzilmasi tubdan yaxshilandi va kun-u tun faoliyat yurituvchi hududga aylantirildi. Natijalar samarali bo‘lgani uchun hududga qo‘shimcha 10 milliard so‘m ajratilgan va bu mablag‘ hisobiga daryo bo‘yi obodonlashtirilib, savdo-servis uchun yangi maydon yaratilgan. Loyihalar tufayli 130 ta tadbirkor faoliyat boshlagan va 700 nafar kishi ish bilan ta’minlangan.
Shu bilan birga, prezident Uchko‘prik, Bektemir, Jomboy, Kitob va Toshkent tumanlarida mablag‘ ajratilganiga qaramay, hali biror natija ko‘rinmaganini tanqid qildi.
«Endi qaysi hokim tez harakat qilib, aniq loyiha asosida natija ko‘rsatsa, o‘sha tuman ko‘p mablag‘ oladi», — dedi prezident.
Viloyat hokimlariga ish o‘rinlari yaratish, kambag‘allikni qisqartirish va mahalla infratuzilmasini yaxshilashga xizmat qiladigan loyihalarni tanlab, barcha tayyorgarlikni shu yilning oxirigacha yakuniga yetkazish topshirildi.





