
Mahallalar infratuzilmasiga 7 trillion so‘mdan ziyod mablag‘ yo‘naltiriladi
14.10.2025 | 14:3015143
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida mahalla tizimini yanada takomillashtirish hamda joylarda ishlarni samarali tashkil etish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi boshlandi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev mahallalarda infratuzilmani yaxshilashga qaratilgan keng ko‘lamli dasturni belgilab, har bir tuman va og‘ir ahvoldagi mahallaga katta moliyaviy resurs ajratishni topshirdi.
«Norin tumanidagi Sho‘rariq mahallasiga borganim viloyat hokimlari, respublika, viloyat, tuman rahbarlari, «yettilik»ni ko‘zini ochib, ularni sifat va kompetensiyani oshirishga undashi kerak», — dedi Prezident.
O‘tgan hafta imzolangan hukumat qaroriga ko‘ra, «Yangi O‘zbekiston» qiyofasi kirib boradigan 33 ta tuman va 330 ta og‘ir ahvoldagi mahalla tanlab olindi. Bu hududlarning har biriga infratuzilmani yaxshilash uchun katta mablag‘ ajratiladi.
Xususan, har bir tumanga 100 milliard so‘mdan, har bir og‘ir mahallaga esa 5 milliard so‘mdan moliyaviy resurs yo‘naltiriladi. Shuningdek, Jahon banki va Islom taraqqiyot bankidan jalb qilingan 100 million dollar ham mazkur maqsadlarga sarflanadi.
Bundan tashqari, mazkur hududlarda amalga oshiriladigan «drayver» loyihalarning infratuzilmasini rivojlantirish uchun qo‘shimcha 2 trillion so‘m ajratilishi rejalashtirilgan. Umuman olganda, dasturni moliyalashtirish uchun 7 trillion so‘mdan ziyod mablag‘ yo‘naltiriladi.
Shavkat Mirziyoyev viloyat hokimlariga har biri 2 tadan, tuman hokimlariga esa 1 tadan og‘ir mahallaning infratuzilmasini yaxshilash uchun 5 milliard so‘mdan yo‘naltirish vazifasini topshirdi. Shu bilan birga, yana 236 ta mahallada aholi turmushida sezilarli o‘zgarish bo‘lishi shartligi ta’kidlandi.





