
Mahallalarda mulkiy huquqlar ro‘yxatga olinishi jadallashmoqda
20.05.2025 | 14:4831325
O‘zbekistonda har bir xonadon va xo‘jalik ob’ekti hisobga olinishiga qaratilgan keng qamrovli kadastr islohoti bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Bu fuqarolar mulkiy huquqlarining qonuniy kafolatini ta’minlashda muhim qadam bo‘lmoqda.

AOKAda Kadastr agentligi mutasaddilari ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasining O‘RQ-937-sonli Qonuni ijrosini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida jamoatchilikka atroflicha ma’lumot berildi.
Anjumanda ta’kidlanishicha, ushbu Qonun asosida hokimliklar bilan hamkorlikda mahallalar kesimida xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarni xo‘jalik ob’ektlari sifatida hisobga olish bo‘yicha keng qamrovli xatlov ishlari rejalashtirilgan. Bu jarayonga respublika bo‘yicha 4500 nafar kadastr xodimi jalb qilingan.
Shu kungacha 1124 ta mahallaning aniq chegaralari belgilab olindi. Yakuniy maqsad — 2026 yilga qadar 9452 ta mahallaning chegaralarini to‘liq aniqlash va rasmiylashtirishdan iborat. Bu jarayon, avvalgi xatlovlarda kuzatilgan kamchiliklarni takrorlamaslik uchun, ikki bosqichda — dala va kameral usulda amalga oshirilmoqda.
Xatlov jarayonlari nafaqat hujjatsiz qurilgan ob’ektlarni, balki huquqiy jihatdan rasmiylashtirilgan, ammo fizik yoki funksional jihatdan o‘zgargan ob’ektlarni ham qamrab olmoqda. Ya’ni har bir xonadon, har bir yer maydoni to‘liq o‘rganilib, yagona tartibga solinmoqda. Bu esa fuqarolarning mulkiy huquqlarini kafolatlash, qonuniylikni ta’minlash va kadastr sohasidagi islohotlarni yanada chuqurlashtirishga xizmat qiladi.
Matbuot anjumanida ma’lum qilinishicha, shu paytgacha mamlakat bo‘ylab jami 300 ming 737 ta xo‘jalik ob’ekti xatlovdan o‘tkazilgan. Ularning huquqiy maqomini hal etish uchun 121 ming 416 tasi vakolatli tashkilotlarga yuborilgan.
Xususan:
- 91 537 ta ob’ekt hozirda vakolatli idoralarda muhokama qilinyapti,
- 13 749 tasi jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilingan,
- 9 842 ta ob’ekt bo‘yicha Adliya organlaridan xulosa olish jarayoni ketmoqda,
- 235 ta ob’ekt xalq deputatlari kengashlarida ko‘rib chiqilayotgan bo‘lsa,
- 389 ta ob’ektga nisbatan xalq deputatlari kengashlari tomonidan huquqiy e’tirof qarorlari qabul qilingan.





