
Mahalliy Kengashlarga yangi vakolatlar berildi
26.06.2025 | 21:2019783
Prezident farmoniga muvofiq, mahalliy Kengash deputatlariga davlat mulki ijarasi, dafn xizmatlari tariflari va yo‘l harakati tezligini belgilash bo‘yicha yangi vakolatlar o‘tkazildi.

O‘zbekistonda mahalliy Kengashlar faoliyati yanada takomillashtirilmoqda. Yangi qabul qilingan Prezident farmoniga ko‘ra, Xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga bir qator yangi vakolatlar o‘tkazilishi belgilandi.
Endilikda mahalliy Kengashlar davlat ko‘chmas mulkidan foydalanganlik uchun ijara to‘lovining eng kam stavkalarini mustaqil belgilash huquqiga ega bo‘ladi. Shuningdek, dafn etish joylarini saqlash tartibi va dafn xizmatlari tariflarini tasdiqlash ham ular vakolatiga kiritildi.
Bundan tashqari, mahalliy Kengashlar ayrim yo‘l uchastkalarda harakat tezligini oshirish yoki kamaytirishga ruxsat berish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu tegishli yo‘l belgilari o‘rnatish orqali amalga oshiriladi.
Farmonga muvofiq, mahalliy byudjet loyihasini ishlab chiqishda kengash deputatlarining tashabbuslari asosida byudjet xarajatlarining muayyan qismi shakllantiriladi. Bu mahalliy kengashlarning iqtisodiy qarorlardagi ishtirokini kuchaytiradi.
Shuningdek, mahalliy Kengashlar qoshida Yoshlar guruhlari va Maslahat guruhlari tashkil etilishi belgilandi. Bu guruhlar jamoatchilik asosida faoliyat yuritib, yoshlar va fuqarolik jamiyati vakillarini qarorlar qabul qilish jarayoniga jalb qiladi.
Farmonda, shuningdek, «E-Kengash» elektron platformasini «qulaylik – soddalik – xavfsizlik» tamoyili asosida muntazam takomillashtirish vazifasi ham belgilangan.
Ushbu o‘zgarishlar mahalliy Kengashlar faoliyatini yanada oshkora va samarali tashkil etishga xizmat qiladi.





