
Mahkumlar shikoyati qay tarzda eshitiladi?
24.07.2025 | 10:4510593
O‘zbekiston qamoqxonalarida «Ombudsman quti»lari o‘rnatilib, mahkumlarga o‘z shikoyat va murojaatlarini xavfsiz, maxfiy va to‘siqsiz yetkazish imkoni yaratilgan. Bu tizim inson huquqlarini himoya qilishda muhim vositaga aylanmoqda.
Jazoni ijro etish muassasalarida mahkum va mahbuslar uchun «Ombudsman quti»lari o‘rnatilgan bo‘lib, ular orqali har qanday shikoyat yoki murojaat bevosita Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili – Ombudsmanga yuborilishi mumkin. Qonunga muvofiq, bu quti har bir turar joy sektori, uchrashuv binolari va sanoat hududlarida joylashtiriladi.
bugungi kunda O‘zbekistonda 50 ga yaqin yopiq muassasalarda 350 dan ortiq shunday quti mavjud. Ular faqat Ombudsman yoki uning xodimlari tomonidan oyiga kamida bir marta ochiladi va qabul qilingan murojaatlar to‘liq o‘rganiladi.
Quti videokuzatuvlardan xoli, qulay va himoyalangan joylarda joylashgan. Bu mahkumlarga shikoyatini erkin va xavfsiz tarzda yozishga imkon beradi. Ombudsman murojaatni nazoratga olib, zarur hollarda muallif bilan yakkama-yakka suhbat tashkil etadi. Ushbu suhbatlar muassasa xodimlari ishtirokisiz, lekin xavfsizlikni ta’minlovchi sharoitda o‘tkaziladi.
Jinoyat-ijroiya kodeksiga asosan, mahkumlar mazkur quti orqali murojaat etish huquqiga ega. Qabul qilingan shikoyatlar bo‘yicha tegishli organlarga Ombudsmanning xulosa va taqdimnomalari yuborilishi, aniqlangan qonunbuzarliklar tezkor hal qilinishi mumkin.
Ombudsman devoni va hududiy vakillar jazoni ijro etish muassasalariga to‘siqsiz kirib, mahkumlar bilan bevosita suhbatlashish huquqiga ega. Bu tizim mahkumlarning huquqlari ta’minlanishi va jazo muassasalarida shaffoflikni ta’minlashda muhim ahamiyatga ega.





