add

Mahmud Abbos HAMASni qurolsizlantirishni qo‘llab-quvvatladi

11.06.2025 | 08:0038083

Falastin ma’muriyati rahbari Mahmud Abbos Fransiya prezidenti Emmanuel Makronga yo‘llagan maktubida HAMASni qurolsizlantirish va xalqaro kuchlarning falastinliklarni himoya qilish uchun jalb etilishini qo‘llab-quvvatladi.

Mahmud Abbos HAMASni qurolsizlantirishni qo‘llab-quvvatladi
Shu bilan birga, u 7 oktyabrda Isroilning janubiga qilingan hujumni ilk bor ochiqcha tanqid qildi. Abbos o‘z maktubida ikki davlat — Isroil va Falastinning tinchlikda yashashini nazarda tutuvchi konsepsiyani qaytadan ilgari surdi. Unga ko‘ra, xalqaro hamjamiyatning qo‘llab-quvvati va kafolati ostida, aniq muddatlar bilan belgilab qo‘yilgan shartnomaga erishish orqali G‘azodagi urushga barham berish mumkin. Ushbu murojaat Fransiya prezidenti Makron va Saudiya Arabistoni valiahdi Muhammad ibn Salmonning iyun oyida Nyu Yorkdagi BMT qarorgohida o‘tkaziladigan xalqaro konferensiyada hamrais sifatida ishtirok etishidan oldin yo‘llangan. Abbos o‘z maktubida tinchlik jarayonini qayta jonlantirish uchun zarur bo‘lgan chora-tadbirlarni bayon qildi. Germaniyaning DPA agentligi ma’lum qilishicha, Abbos o‘z murojaatida 2023 yil 7 oktyabrda HAMAS a’zolari tomonidan amalga oshirilgan tinch aholiga hujumni, asirlar olinishini ochiq tanqid qildi va bu harakatlarni noqonuniy va qabul qilib bo‘lmas, deb atagan. The Times of Israel esa Abbosning mazkur bayonoti ushbu hujumni birinchi marta rasman qoralashi ekanini ta’kidladi. U HAMASdan o‘z qo‘lidagi asirlarni ozod qilishni yana bir bor talab etdi. Fransiya prezidenti Emmanuel Makron esa avvalroq Falastin davlatini tan olishga ochiq ekanini bildirgan, biroq bu uchun HAMAS qurolsizlantirilishi va barcha asirlar ozod qilinishi shart sifatida qo‘yilganini ta’kidlagan edi.    

Teglar

Mavzuga oid