
Makron Lekornyuni yana Fransiya bosh vaziri etib tayinladi
11.10.2025 | 14:5526584
10 oktyabr kuni Emmanuel Makron to‘rt kun oldin iste’fo bergan Sebasten Lekornyuni yana bosh vazir etib tayinladi. Lekornyu siyosiy beqarorlikni bartaraf etish va mamlakat byudjetini yil oxirigacha tasdiqlatishga va’da berdi.

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron juma kuni kechqurun Yelisey saroyida qabul qilgan qaror bilan Sebasten Lekornyuni yana mamlakat bosh vaziri etib tayinladi. Bu haqda prezident ma’muriyati rasmiy veb-sayti orqali ma’lum qilindi. Yangi tayinlovdan so‘ng Lekornyuga hukumatni qayta shakllantirish vazifasi yuklatildi.
39 yoshli Sebasten Lekornyu avvalroq, 6 oktyabr kuni, 2026 yilgi davlat byudjeti bo‘yicha kelishuvga erishilmagani sababli iste’fo bergan edi. U yangi lavozimga tayinlanganidan keyin X ijtimoiy tarmog‘ida: «Men respublika prezidenti ishonchini qabul qilaman. Fransiya byudjetini yil oxirigacha qabul qilishi va fuqarolarning muammolariga yechim topilishi uchun bor kuchimni ishga solaman», — deya bayonot berdi.
Lekornyu o‘z chiqishida fransuz jamiyatida yuzaga kelgan siyosiy inqirozni tugatish zarurligini ta’kidladi. «Biz fransuzlarni g‘azablantirayotgan siyosiy beqarorlikka chek qo‘yishimiz kerak. Bu holat mamlakat obro‘si va manfaatlariga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda», — dedi u.
Sebasten Lekornyu Fransiyaning sobiq mudofaa vaziri bo‘lib, Makronning yaqin siyosiy ittifoqchilaridan biri hisoblanadi. U ilk bor 9 sentyabrda bosh vazir lavozimiga tayinlangan edi. Shu bilan Makron so‘nggi ikki yil ichida beshinchi marta hukumat rahbarini almashtirdi.
Fransiyadagi siyosiy beqarorlik fonida xalqaro reyting agentliklar ham mamlakat iqtisodiy holatidan xavotir bildirmoqda. Fitch agentligi 12 sentyabr kuni Fransiyaning kredit reytingini AA-dan A+ darajasiga tushirdi. Bu mamlakat tarixidagi eng past baholardan biri bo‘lib, Fransiya qarzi YAIMning 115 foiziga yetgan. Yevropa Ittifoqida bu ko‘rsatkich bo‘yicha faqat Gretsiya va Italiya oldinda turibdi.





