add

Maldiv orollari avlodlar orasida sigareta taqiqini joriy etdi

Bugun 15:201241

Maldiv orollari dunyoda birinchi bo‘lib 2007 yil 1 yanvardan keyin tug‘ilgan shaxslarga tamaki mahsulotlarini sotish, sotib olish yoki foydalanishni to‘liq taqiqladi. Mamlakat «avlodlar orasidagi sigareta taqiqini» amalga oshirgan yagona davlatga aylandi.

Maldiv orollari avlodlar orasida sigareta taqiqini joriy etdi

Hind okeanida joylashgan Maldiv orollarida dunyoda ilk bor amalga oshirilayotgan yangi qonun kuchga kirdi. Maldiv orollari Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lum qilishicha, 2007 yil 1 yanvardan keyin tug‘ilgan shaxslarga har qanday tamaki mahsulotini sotish, sotib olish yoki iste’mol qilish taqiqlandi.

Qaror mamlakat prezidenti Muhammad Muizzu tashabbusi bilan qabul qilingan bo‘lib, 1 noyabrdan amalga kirdi. Vazirlikning ta’kidlashicha, yangi tartib aholi salomatligini himoya qilish va «tamakisiz avlod»ni shakllantirishni maqsad qiladi.

Qonunga ko‘ra, 2007 yildan keyin tug‘ilganlar tamaki mahsulotlarini sotib olish yoki foydalanish huquqiga ega emas. Savdo shoxobchalari esa har bir xarid oldidan xaridorning yoshini tekshirishi shart bo‘ladi.

Maldiv orollari — 1191 korall orolidan iborat, lyuks turizmi bilan mashhur mamlakat bu taqiqni turistlarga ham tatbiq etdi. Shu bilan birga, mamlakat elektron sigaretalar va bug‘ qurilmalarini har qanday yoshda ishlatish, sotish yoki olib kirishni mutlaqo man etgan.

Qonunbuzarlarga qattiq jarimalar belgilangan: yoshlarga tamaki mahsuloti sotganlarga 50 ming rufiya (taxminan 3,2 ming dollar), elektron sigareta ishlatganlarga esa 5 ming rufiya (320 dollar) jarima qo‘llaniladi.

Shu kabi «avlodlar orasidagi sigareta taqiqini» ilgari Yangi Zelandiya ham joriy etgan, ammo 2023 yil noyabrda kuchga kirgan qonun bir yil o‘tmasdan bekor qilingan. Buyuk Britaniyada esa bu masala hanuz qonunchilik muhokamasida.

Teglar

Mavzuga oid