
Maosh 4400 dollar: Britaniya o‘zbekistonlik elektriklarni ishga taklif qilmoqda
500 ta ish o‘rniga tanlov ochilgan. Ish beruvchi mehnat vizasi xarajatlari va tibbiy sug‘urtani to‘liq qoplaydi.

O‘zbekistonlik yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari montajchilari Britaniyada ishlash imkoniyatiga ega bo‘ldi. Migratsiya agentligi va Britaniyaning Skills Provision Ltd kompaniyasi tomonidan 500 ta ish o‘rniga tanlov ochilgani ma’lum qilindi. Loyiha doirasida ish haqi soliqdan keyin o‘rtacha 3400 funt sterling, ya’ni taxminan 4400 dollar atrofida bo‘ladi.
Mazkur yo‘nalish bo‘yicha mutaxassislardan elektrotexnika sohasida oliy ma’lumot, kamida uch yillik ish tajribasi va B2 darajasida ingliz tili bilimi talab qilinadi. Shuningdek, 23—45 yosh oralig‘ida bo‘lish, xalqaro til sertifikatiga ega bo‘lish va yuqori kuchlanishli (110 kV va undan yuqori) havo liniyalarida amaliy ish tajribasi zarur.
Montajchilarning asosiy vazifalariga mehnat muhofazasi qoidalariga amal qilish, texnik chizmalarni o‘qish, balandlikda ishlash, tayanchlar o‘rnatish, provodlarni tortish va joyida metall elementlarni almashtirish kiritilgan. Ish vaqti mavsumga qarab farq qiladi: qishda haftasiga 39 soat, yozda esa 60 soat ish belgilangan.
Ish beruvchi mehnat vizasi xarajatlari va tibbiy sug‘urtani to‘liq qoplaydi. Shuningdek, har ish kuni uchun 60 funt sterling miqdorida kunlik nafaqa beriladi. Ovqatlanish xodim hisobidan amalga oshiriladi, ammo Britaniyaga borish uchun aviachiptaning 50 foizi ish beruvchi tomonidan qoplab beriladi. Migratsiya agentligi ham yo‘l xarajatlarining bir qismini moliyalashtirishi qayd etilgan.
Tanlovda qatnashmoqchi bo‘lganlar uchun maxsus havola orqali ro‘yxatdan o‘tish tartibi joriy etilgan. Qo‘shimcha ma’lumot olish uchun 1282 yoki 71 202−33−55 raqamlariga murojaat qilish mumkin.





