add

Markaziy bank 2 oyda 60 ga yaqin masalani ko‘rib chiqdi

12.08.2025 | 20:0019524

2025 yil iyun-iyul oylarida Markaziy bankning Bank nazorati qo‘mitasi 59 ta masalani ko‘rib chiqib, banklar va moliya tashkilotlariga bir qator choralar belgiladi.

Markaziy bank 2 oyda 60 ga yaqin masalani ko‘rib chiqdi
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil iyun-iyul oylarida Bank nazorati qo‘mitasi 11 marta yig‘ilish o‘tkazib, jami 59 ta masalani ko‘rib chiqqan. Ulardan 37 tasi ro‘yxatga olish va ruxsat berish yo‘nalishiga oid bo‘lib: kredit tashkilotlari ustaviga o‘zgartishlarni ro‘yxatdan o‘tkazish, yangi mikromoliya tashkilotlarini hisobga qo‘yish, ustav fondidagi ulushlarga egalik qilishga ruxsat berish kabi masalalarni o‘z ichiga oldi. Shuningdek, tijorat banklari kuzatuv kengashi va boshqaruv a’zolari hamda muhim ahamiyatga ega xodimlar nomzodlari ko‘rib chiqildi. Qo‘mitada kredit tashkilotlarining moliyaviy holatiga oid 22 ta masala ham muhokama qilindi. Ular orasida Markaziy bank ko‘rsatmalari va prudensial me’yorlarga rioya etilishi, banklar va mikromoliya tashkilotlarida o‘tkazilgan inspeksiya natijalari, shuningdek, jinoiy daromadlarni legallashtirish, terrorizm va ommaviy qirg‘in qurollarini moliyalashtirishga qarshi kurash masalalari bor. Tekshiruvlar davomida to‘lov tizimi operatorlari va tashkilotlari ustav kapitaliga qo‘yilgan eng kam talablarga rioya qilmaganligi holatlari aniqlandi. Shu sababli 15 ta to‘lov tashkilotiga nisbatan chora va sanksiyalar qo‘llanilishi haqida ogohlantirish berildi. Shuningdek, qoidalarni buzgani uchun 23 ta bank va 2 ta mikromoliya tashkilotiga jarima sanksiyalari qo‘llanildi. Ayniqsa, «IMKON FINANS MIKROMOLIYA TASHKILOTI» AJda aniqlangan qoidabuzarliklar sababli ushbu tashkilotning kredit, lizing, kafolat va faktoring xizmatlari uch oyga to‘xtatildi. Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki banklar va ularning filiallarida tekshiruvlar o‘tkazish tartibini belgilaydigan nizomga o‘zgartishlar kiritgani haqida xabar bergan edik.

Teglar

Mavzuga oid