add

Markaziy bank asosiy stavkani 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirdi

O‘zbekiston Markaziy banki 12 iyun kungi yig‘ilishida inflyatsion bosimlar saqlanayotgani va ichki talab yuqori darajada ekanini inobatga olgan holda asosiy stavkani 14 foiz darajasida saqlab qolishga qaror qildi.

Markaziy bank asosiy stavkani 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirdi
Markaziy bankning ma’lum qilishicha, so‘nggi oylardagi inflyatsion jarayonlar va ichki iste’mol talabining yuqori darajada saqlanishi inflyatsiyaning pasayish trayektoriyasidan yuqori shakllanishiga sabab bo‘lmoqda. May oyida umumiy inflyatsiya darajasi 8,7 foizni tashkil etdi, biroq aholi va biznes sub’ektlarining inflyatsion kutilmalari hamon yuqori. Xizmatlar sohasidagi inflyatsiyaning tezlashishi ortidan bazaviy inflyatsiya 8,5 foizga yetdi. Shu bilan birga, energiya narxlarining oshishi orqali inflyatsiyaga ko‘rsatilayotgan ikkilamchi ta’sirlar ham hozirgi bosimlarning uzoqroq davom etishiga ishora qilmoqda. Iqtisodda yuqori faollik qayd etilmoqda: savdo va xizmatlar hajmi, banklar orasidagi operatsiyalar va ko‘chmas mulk savdosi o‘sishda davom etmoqda. Kreditlash hajmi va byudjet xarajatlari ham ichki talabni kuchaytirmoqda. Bu omillar narxlar darajasiga qo‘shimcha bosim sifatida baholanmoqda. Jahon bozoridagi noaniqliklar va ayrim oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining o‘sishi kelgusi oylarda ichki inflyatsiyaga ta’sir o‘tkazishi mumkin. Shu bilan birga, eksport tovarlari narxining yuqori bo‘lishi va transhekara pul o‘tkazmalari tushumlari valyuta bozorida barqarorlikni ta’minlamoqda. Markaziy bank ushbu sharoitlarda pul-kredit sharoitidagi qat’iylikni saqlab qolgan holda, inflyatsiyaning o‘rta muddatda 5 foizlik maqsadli ko‘rsatkichga pasayishini ta’minlashga intilmoqda. Agar inflyatsion bosimlar kutilganidan ko‘ra kuchliroq bo‘lsa, pul-kredit siyosati qayta ko‘rib chiqilishi mumkin. Kelgusi qarorni qabul qilish bo‘yicha navbatdagi yig‘ilish 2025 yil 24 iyul kuniga belgilangan.  

Teglar

Mavzuga oid