add

Markaziy bank asosiy stavkani o‘zgarishsiz qoldirdi

11.09.2025 | 10:5542543

O‘zbekiston Markaziy banki bugungi yig‘ilishida inflyatsiya xavflarini inobatga olgan holda asosiy stavkani 14 foiz darajasida saqlab qolishga qaror qildi.

Markaziy bank asosiy stavkani o‘zgarishsiz qoldirdi
2025 yil 11 sentyabrda Markaziy bank Boshqaruvi yig‘ilishida asosiy stavka yillik 14 foiz darajasida saqlab qolindi. Qaror inflyatsiyaning sekinlashishi va narxlar barqarorligini ta’minlash maqsadida qabul qilindi. Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, avgust oyida umumiy inflyatsiya 8,8 foizga pasaygan. Oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlari narxi o‘sishi sustlashishi natijasida bazaviy inflyatsiya 7,6 foizgacha tushgan. Biroq xizmatlar sohasida inflyatsiya energiya narxlari o‘sishining ikkillamchi ta’siri orqali yuqori darajada saqlanmoqda. Markaziy bank ta’kidlashicha, so‘nggi oylarda aholi va biznesning inflyatsion kutilmalari pasaygan, ammo ular umumiy inflyatsiyadan yuqori bo‘lib qolmoqda. Shu bilan birga, yalpi talab yuqori darajada saqlanib turibdi. Iqtisodiy o‘sish birinchi yarim yillikda 7,2 foizga yetdi, asosan xizmatlar, sanoat va qishloq xo‘jaligi hissasi katta bo‘ldi. Muhim omillar sifatida transchegaraviy pul o‘tkazmalari, byudjet xarajatlari va kreditlash sur’atlari o‘sishi qayd etildi. Shu bilan birga, jahonda oziq-ovqat narxlarining ko‘tarilishi va savdo hamkor davlatlardagi yuqori inflyatsiya kelgusida import inflyatsiyasini kuchaytirishi mumkinligi qayd etildi. Markaziy bank yil yakunlari bo‘yicha inflyatsiyani 8,7 foiz atrofida prognoz qilmoqda. Shu sababli, asosiy stavka 14 foizda saqlab qolindi. Qat’iy pul-kredit siyosati inflyatsiyaga bosimni kamaytirish, talab va taklif muvozanatini ta’minlash hamda moliya bozorida barqarorlikni saqlashga xizmat qilishi belgilandi. Markaziy bankning navbatdagi yig‘ilishi 2025 yil 23 oktyabrga belgilangan.

Teglar

Mavzuga oid