
Markaziy bank banklar tekshiruvi tartibiga o‘zgartish kiritdi
15.07.2025 | 09:305852
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki banklar va ularning filiallarida tekshiruvlar o‘tkazish tartibini belgilaydigan nizomga o‘zgartishlar kiritdi. Bu haqda bank boshqaruvi tomonidan qabul qilingan qarorda qayd etildi. Yangi tartib korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish va shaffoflikni ta’minlashni maqsad qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki 2011 yildan buyon amal qilib kelayotgan banklar va ularning filiallarida tekshirish o‘tkazish tartibini belgilaydigan nizomga yangi o‘zgartishlar kiritdi. Ushbu o‘zgartishlar 2024 yil 11 sentyabrdagi Vazirlar Mahkamasining korrupsiyaga qarshi qaratilgan 562-son qarori asosida amalga oshirildi.
Nizomning muqaddimasi qayta tahrirlanib, unda mazkur hujjat Markaziy bank tomonidan amalga oshiriladigan inspeksiyalarning huquqiy asoslarini belgilashi aniq qayd etildi.
Endilikda tekshirishda banklarning tavakkalchilikka moyilligi, iqtisodiy normalarga amal qilishi, kapital, aktivlar sifati va daromadlar holatiga tashqi omillar ta’sirini aniqlashga katta e’tibor qaratiladi.
Shuningdek, kompleks va alohida masalalar bo‘yicha tekshirishlar chog‘ida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish holati masofadan nazorat qilish natijalariga asosan tekshirilishi mumkin. Bu jarayon Markaziy bankning Bank nazorati qo‘mitasi qarori bilan amalga oshiriladi.
Qaror rasmiy e’lon qilingan kundan boshlab kuchga kiradi. Ushbu o‘zgartishlar bank nazoratida shaffoflik va samaradorlikni yanada kuchaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.





