
Markaziy bank bir qator banklarning litsenziyalarini qayta rasmiylashtirdi
26.09.2025 | 17:0038752
Bunga sabab sifatida ushbu tijorat banklarining faoliyatida o‘zgarishlar amalga oshirilganligi bilan izohlanmoqda.

Markaziy bank boshqaruvining qaroriga asosan, bir qator tijorat banklariga berilgan faoliyat litsenziyalari qayta rasmiylashtirildi. Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati xabar berdi.
Jumladan, «Smartbank» aksiyadorlik jamiyatining nomi «Openbank»ga va joylashgan yeri (pochta manzili) o‘zgarganligi munosabati bilan unga berilgan bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya qayta rasmiylashtirildi.
«Hayot bank» hamda «Anor bank»ning ham joylashgan yeri (pochta manzili) o‘zgarganligi uchun ularga berilgan litsenziya qayta rasmiylashtirilgan.
Shuningdek, Eron «Saderat» bankining Toshkent shahridagi sho‘ba bankining tashkiliy-huquqiy shakli o‘zgarib, «shu’ba» jamiyat shaklidan «aksiyadorlik jamiyati» shakliga o‘zgargani, bank nomi ham «Saderat» bankka hamda joylashgan yeri (pochta manzili) o‘zgarganligi munosabati bilan litsenziyasi qayta rasmiylashtirildi.
Avvalroq «Ipak yo‘li» banki ham rebrending amalga oshirgani haqida xabar bergan edik.





