Markaziy bank may oyida 2 ta bank va 2 ta mikromoliya tashkilotini jarimaga tortdi
Markaziy bank huzuridagi Bank nazorati qo‘mitasi may oyida 8 marotaba yig‘ilish o‘tkazib, bank va kredit tashkilotlari faoliyatiga oid 36 ta masalani ko‘rib chiqdi.

Markaziy bankning Bank nazorati qo‘mitasi 2026 yil may oyida o‘tkazilgan sakkizta yig‘ilish davomida jami 36 ta masalani muhokama qildi. Ko‘rib chiqilgan masalalar bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilingan.
Qo‘mita tomonidan ro‘yxatga olish va ruxsat berish yo‘nalishida 26 ta masala ko‘rib chiqildi. Ular orasida kredit tashkilotlari ustaviga kiritilgan o‘zgartirishlarni ro‘yxatdan o‘tkazish, auditorlik malaka sertifikatlarini taqdim etish, mikromoliya va faktoring tashkilotlarini hisob ro‘yxatidan o‘tkazish hamda to‘lov tashkiloti litsenziyasini vaqtincha to‘xtatish bilan bog‘liq masalalar bor.
Shuningdek, tijorat banklari kuzatuv kengashlari va boshqaruvlari a’zolari, shuningdek muhim ahamiyatga ega xodimlar lavozimlariga ko‘rsatilgan nomzodlar bo‘yicha 14 ta masala ham muhokama qilindi.
May oyida kredit va to‘lov tashkilotlarining moliyaviy holatiga oid 10 ta masala ham ko‘rib chiqildi. Bunda Markaziy bank ko‘rsatmalari va prudensial me’yorlarga rioya qilinishi, bank va nobank kredit tashkilotlarida o‘tkazilgan inspeksiya tekshiruvlari natijalari tahlil qilindi.
Shuningdek, taqsimlanmagan foydani taqsimlash hamda moliyaviy xizmatlarni «tartibga solish qumdoni» doirasida sinovdan o‘tkazish bilan bog‘liq masalalar ham muhokama markazida bo‘ldi.
To‘rtta tashkilot jazolandi
Qo‘mita yig‘ilishlarida qonunchilik talablariga to‘liq rioya etmagan tashkilotlar faoliyati ham ko‘rib chiqildi.
Inspeksiya tekshiruvlari va o‘rganishlar davomida aniqlangan kamchiliklar asosida 2 ta bank va 2 ta mikromoliya tashkilotiga nisbatan jarima sanksiyalari qo‘llanildi. Markaziy bank mazkur tashkilotlar nomini ochiqlamagan.





