
Markaziy bank raisi AFI rahbariyatiga saylandi
O‘zbekiston Markaziy banki rahbarining xalqaro nufuzli tuzilmadagi lavozimga saylanishi moliyaviy inklyuziya islohotlariga berilgan e’tirof sifatida baholanmoqda.

5-dekabr kuni Moliyaviy inklyuziya alyansi (AFI) Direktorlar kengashi O‘zbekiston Markaziy banki raisini o‘zining yangi Rais o‘rinbosari etib sayladi. Shu bilan birga, u AFI Direktorlar kengashida Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha vakil sifatida faoliyat yuritadi. Bu haqda Markaziy bank axborot xizmati xabar berdi.
O‘zbekiston Markaziy banki 2018 yildan buyon AFI'ning to‘laqonli a’zosi hisoblanadi. Shu davr mobaynida bank AFI boshqaruv tuzilmasining qator organlarida, jumladan budjet va moliya qo‘mitasi hamda Gender inklyuziv moliyalashtirish qo‘mitasi tarkibida faol ishtirok etib kelmoqda. Ayni paytda Markaziy bank raisi AFI'ning Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha Siyosiy tashabbusiga ham raislik qilmoqda.
Markaziy bank rahbari Timur Ishmetovning ta’kidlashicha, ushbu saylov O‘zbekistonda moliyaviy inklyuziyani kengaytirish, kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash hamda inklyuziv moliyaviy ekotizimni shakllantirish yo‘lida amalga oshirilayotgan tizimli islohotlarning xalqaro miqyosda e’tirof etilganini ko‘rsatadi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur tayinlov O‘zbekistonga dalillarga asoslangan yondashuvlar va islohotlarga yo‘naltirilgan siyosiy qarorlarni global darajada ilgari surish, shuningdek, AFI'ning keng xalqaro tarmog‘i doirasida adolatli, barqaror va kelajakka mos moliyaviy tizimlarni rivojlantirish imkoniyatini beradi.
Ma’lumot uchun, AFI Direktorlar kengashi tashkilot faoliyatining strategik yo‘nalishlarini belgilaydi, yangi imkoniyatlarni aniqlash va a’zo davlatlar o‘rtasida hamkorlikni kuchaytirish bo‘yicha maslahatlar beradi. Joriy yil sentabr oyida Ruanda Milliy banki raisi Soraya M. Hakuziyareme AFI Direktorlar kengashi raisi etib saylangan edi va u ushbu lavozimni egallagan ilk ayol hisoblanadi.
O‘zbekiston Markaziy banki raisining AFI Direktorlar kengashi Rais o‘rinbosari sifatidagi vakolati 2026 yilda bo‘lib o‘tadigan AFI A’zolar kengashining yillik umumiy yig‘ilishida rasman tasdiqlanishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2025 yil 11-dekabrda Markaziy bank boshqaruvi asosiy stavkani 14 foiz darajasida saqlab qolish haqida qaror qabul qilganligi haqida xabar bergan edik.





