add

Markaziy bankdan barcha tijorat banklariga ogohlantirish

Kecha 13:153642 daqiqa

Ayrim tijorat banklari mobil ilovalar orqali iste’molchilarga majburiy ofertalar va asossiz komissiyalarni qo‘llayotganini aniqlangan.

Markaziy bankdan barcha tijorat banklariga ogohlantirish

Markaziy bank barcha tijorat banklariga bank xizmatlarida adolatsiz va insofsiz amaliyotlarga chek qo‘yish bo‘yicha talabnoma yubordi. Bu haqda regulyator axborot xizmati xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Markaziy bank banklar tomonidan iste’molchilarga faqat bir xizmatdan foydalanish istagi mavjud bo‘lsa ham, ularga umumiy «bosh oferta» orqali bir nechta xizmatlarga majburiy rozilik olayotganini aniqlagan. Bunday ofertalar ko‘p sahifali bo‘lib, barcha turdagi xizmat shartlarini o‘z ichiga oladi va foydalanuvchini o‘z xohishidan tashqari shartlarga rozi bo‘lishga majbur qiladi.

Markaziy bankning ta’kidlashicha, mobil ilovalardagi shartnomalarni ko‘plab foydalanuvchilar to‘liq o‘qib chiqmaydi yoki ularning mazmuniga chuqur tushunmay turib tasdiqlaydi.

Ayrim banklar esa aynan mana shu e’tiborsizlikdan foydalanib, bir nechta xizmat shartlarini birlashtirilgan oferta orqali taqdim etib, iste’molchining umumiy roziligini olishga intiladi. Bu esa kelgusida bank va mijoz o‘rtasida nizolar kelib chiqishiga zamin yaratadi.

Muammolardan yana biri kredit kartalaridagi muddati o‘tgan qarzdorlikka doir amaliyotlardir. Ayrim banklar bunday kartalarni avtomatik bloklab, mijoz qarzini to‘lash uchun mablag‘ kiritganidan keyin ham asossiz komissiya undirmoqda. Bu holat iste’molchining o‘z majburiyatini bajarishini qiyinlashtiradi va yuqori instansiyalarga shikoyatlar ko‘payishiga olib keladi.

Ma’lumot uchun, Fuqarolik kodeksining 787-moddasiga ko‘ra, mijoz mablag‘laridan foydalanish huquqini cheklash faqat qonunda belgilangan hollardagina mumkin. Shuningdek, Fuqarolik kodeksining 9-moddasi fuqarolik munosabatlari ishtirokchilarining halol, adolatli va oqilona faoliyat yuritishini talab qiladi. «Raqobat to‘g‘risida»gi Qonunning 18-moddasida esa shartnoma predmetiga aloqasi yo‘q shartlarni majburan qabul qildirish ustun muzokara kuchidan noqonuniy foydalanish sifatida belgilangan. «Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida»gi Qonun ham bankka mijozni boshqa xizmatdan foydalanishga majbur qilishni qat’iy taqiqlaydi.

Markaziy bank ushbu amaliyotlarni adolatga zid va mazmunan insofsiz deb baholagan. Banklardan ofertalarni faqat tanlangan xizmat doirasida aniq va oshkora taqdim etish, ustun muzokara kuchini suiiste’mol qilmaslik, komissiyalarni belgilashda esa halollik va shaffoflik tamoyillariga qat’iy amal qilish talab qilingan.

Teglar

Mavzuga oid