Markaziy Osiyo aholisi 2040 yilgacha 96 millionga yetadi — YeOTB

23.02.2026 | 12:552 daqiqa

Yevroosiyo Taraqqiyot Banki demografik o‘sish mintaqadagi infratuzilmaga bosimni kuchaytirishini, suv va energiya sohasida keskin choralar zarurligini bildirdi.

Markaziy Osiyo aholisi 2040 yilgacha 96 millionga yetadi — YeOTB

Markaziy Osiyo aholisi 2040 yilga borib 96 million nafarga yetishi mumkin va bu infratuzilmaga katta bosim yuklashi kutilmoqda. Bu haqda Yevroosiyo taraqqiyot banki boshqaruvi raisi Nikolay Podguzov TASSga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Uning ta’kidlashicha, aholi o‘sishi mintaqaning iqtisodiy rivojlanishi uchun drayver vazifasini o‘tashi mumkin. Biroq energiya samaradorligi, zamonaviy mobillik va suv resurslarini boshqarish tizimida tub o‘zgarishlar amalga oshirilmasa, barqaror o‘sishga erishish qiyin bo‘ladi.

Podguzov Markaziy Osiyoni iqlim o‘zgarishiga eng ta’sirchan hududlardan biri deb atadi. Uning prognozlariga ko‘ra, 2028 yilga kelib suv tanqisligi yiliga 5–12 kub kilometrga yetishi mumkin. Eskirgan irrigatsiya tizimlari sabab suv resurslarining salmoqli qismi yo‘qotilmoqda. YeOTB irrigatsiyani modernizatsiya qilish, suv tejovchi texnologiyalar va raqamli suv hisobini joriy etish loyihalarini moliyalashtirmoqda.

Mintaqaning okean portlaridan 3 ming kilometrdan ortiq masofada joylashgani savdo xarajatlarini 20–40 foizga oshirmoqda. Bu iqtisodiy o‘sishni har yili 1,5 foiz bandigacha kamaytiruvchi «masofa solig‘i»ni shakllantirmoqda.

Bank transport bog‘lanishini kuchaytirish uchun Yevroosiyo transport karkasi konsepsiyasini taklif etgan. Sharq–g‘arbiy yo‘nalishdan tashqari shimol–janub va Transafg‘on koridori rivojlantirilishi Janubiy Osiyo hamda Fors ko‘rfazi bozorlariga chiqishni kengaytiradi.

YeOTB bahosiga ko‘ra, 2026 yilda mintaqaning besh davlati iqtisodiyoti umumiy hajmi 600 milliard dollarga yetishi mumkin. UNICEF ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilda aholi soni 84 milliondan oshgan.

Teglar

Mavzuga oid