
Markaziy Osiyoda muzliklarni erishdan saqlash uchun 250 million dollar ajratiladi
«Green Climate Fund» va Osiyo taraqqiyot banki Markaziy Osiyo, Janubiy Kavkaz va Pokistondagi tog‘li hududlarda suv va qishloq xo‘jaligi tizimlarini yaxshilash uchun 250 mln dollar ajratdi. Loyiha doirasida O‘zbekiston ham ishtirok etadi.

«Green Climate Fund» Markaziy Osiyo, Janubiy Kavkaz va Pokistonda amalga oshiriladigan «Muzliklardan fermerlargacha» dasturi uchun 250 million dollar grant ajratdi. Loyiha Osiyo taraqqiyot banki (OTB) bilan hamkorlikda amalga oshiriladi. Bank bu tashabbus uchun qo‘shimcha ravishda 3,25 milliard dollar mablag‘ yo‘naltiradi.
Dasturning asosiy maqsadi — tez eriyotgan muzliklar ta’sirida suv tanqisligi va iqlim o‘zgarishiga moslashishda qishloq xo‘jaligiga yordam berish. Loyiha doirasida suvni tejaydigan irrigatsiya tizimlarini joriy etish, yangi suv omborlari qurish va suv resurslarini boshqarishni takomillashtirish rejalashtirilgan.
Osiyo taraqqiyot bankining qishloq xo‘jaligi va tabiatni muhofaza qilish bo‘yicha direktori Yasmin Siddiqi ta’kidlashicha, «Muzliklar tez erishi — mintaqa uchun eng katta xavflardan biri. Bizga amaliy va ilmiy asoslangan yechimlar kerak. Ushbu dastur xalqlar hayoti va iqtisodiy barqarorligi uchun uzoq muddatli ta’sir ko‘rsatadi», — dedi u.
Dastur Armaniston, Ozarboyjon, Gurjiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Pokiston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekistonni qamrab oladi. U Norin, Pyanj, Kura va Svat daryo havzalarini o‘z ichiga oladi va 13 millionga yaqin odamning turmush sifatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi kutilmoqda.
Shuningdek, loyiha doirasida iqlim va muzliklar holatini baholash, xavfsizlik monitoringi, erta ogohlantirish tizimlarini rivojlantirish hamda suv yetishmovchiligi va issiqlik stressidan jabr ko‘rayotgan aholi uchun ijtimoiy himoya va tibbiy yordam dasturlarini kengaytirish rejalashtirilgan. OTB va «Green Climate Fund» bu dastur orqali mintaqa davlatlariga suv va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda strategik yordam bermoqchi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq OTB O‘zbekiston iqtisodiyoti 2024 yilda 6,6 foizga o‘sishi mumkinligi haqida ma’lumot bergan edi.





