add

Markaziy Osiyoning investitsiyaviy «sherlari»: Qozog‘iston va O‘zbekiston kapital oqimini o‘ziga qaratmoqda

YOTB hisobotiga ko‘ra, Markaziy Osiyoga yo‘naltirilgan 25 mlrd dollarlik investitsiyaning asosiy qismi O‘zbekiston va Qozog‘istonga to‘g‘ri kelmoqda. Iqtisodiy o‘sish tahlili.

Markaziy Osiyoning investitsiyaviy «sherlari»: Qozog‘iston va O‘zbekiston kapital oqimini o‘ziga qaratmoqda

2008–2024 yillar davomida xalqaro moliya institutlari (XMI) Markaziy Osiyoda 24,9 milliard dollarlik davlat kafolatisiz (nomustaqil) moliyalashtirish loyihalarini ma’qullagan. Bu haqda Yevroosiyo taraqqiyot bankining (YOTB) hisobotida ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, xalqaro moliya institutlarining davlat kafolatisiz moliyalashtirish umumiy hajmidagi Markaziy Osiyoning ulushi sezilarli darajada o‘sgan: 2008–2010 yillardagi 18 foizdan (0,8 mlrd dollar) 2022–2024 yillarda 63 foizga (3,5 mlrd dollar) yetdi.

Mintaqadagi eng yirik investorlar Jahon banki guruhi ($8,1 mlrd), Osiyo taraqqiyot banki (5,4 mlrd dollar) va YOTB (4,2 mlrd dollar) bo‘ldi.

Qozog‘iston va O‘zbekiston 2022–2024 yillarda eng ko‘p mablag‘ olgan davlatlar sifatida e’tirof etildi: Qozog‘iston (5,9 mlrd dollar) va O‘zbekiston (3,9 mlrd dollar). Markaziy Osiyodagi barcha davlat kafolatisiz operatsiyalarning 91 foizi, Yevroosiyo mintaqasidagining esa 48 foizi aynan shu ikki davlat hissasiga to‘g‘ri keldi.

Qozog‘istonga 16 yil ichida 15,7 mlrd dollar mablag‘ yo‘naltirilgan. Ustuvor yo‘nalishlar — energetika, transport va moliya sektori. O‘rtacha yillik hajm 2,5 baravarga oshdi.

O‘zbekiston 16 yil ichida 6,5 mlrd dollar mablag‘ jalb etilgan bo‘lib, uning 56 foizi aynan 2022–2024 yillarga to‘g‘ri keldi. Asosiy yo‘nalishlar — energetika, moliya sektori va infratuzilma. O‘rtacha yillik hajm 62 baravarga oshgan: 2008–2010 yillardagi 21 million dollardan 2022–2024 yillarda 1,3 milliard dollarga yetdi.

Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston

Ushbu davlatlar 2008–2024 yillar davomida jami 1,9 milliard dollar jalb qilgan. Asosiy sohalar — moliya sektori, agrosanoat majmuasi va energetika. O‘rtacha yillik hajm 5 baravardan ko‘proqqa o‘sib, 269 million dollarni tashkil etdi.

YOTB tahlilchilarining tushuntirishicha, bu dinamika Markaziy Osiyoning yirik, jadal o‘sib borayotgan va istiqbolli iqtisodiy mintaqa sifatidagi rivojlanish sur’atlari bilan bog‘liq. Mintaqada ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishda sezilarli o‘sish, aholi turmush darajasining yuksalishi, transport infratuzilmasi va sanoatlashuvning faol rivojlanishi kuzatilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid