
Maxfiy ishlar: «Toshkent Traktor Zavodi» sobiq rahbarining kirdikorlari ma’lum qilindi
Ma’lum qilinishicha, avvalgi rahbar davrida ishlab chiqarish faoliyatiga mo‘ljallangan mablag‘lar o‘rniga ayrim shaxslar foydasiga mukofot pullari (20–150 mln so‘m) va foizsiz qarzlar (30–500 mln so‘m) ajratilgan.

«Toshkent Traktor Zavodi» MCHJning avvalgi rahbari davlat tomonidan berilgan imtiyozlardan samarasiz foydalanilgan. Ayrim xorijiy texnikalar — Boshiran, Cansa, Lovol, John Deere, Dong Feng, Savdi kabi brendlar tayyor holda olib kelinib sotilgan, ammo ishlab chiqarish jarayoni yo‘lga qo‘yilmagan. Bu prezident qaroriga zid bo‘lgan. Bu haqda MCHJ matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, oldingi rahbariyat davrida ishlab chiqarish faoliyatiga mo‘ljallangan mablag‘lar o‘rniga ayrim shaxslar foydasiga mukofot pullari (20–150 mln so‘m) va foizsiz qarzlar (30–500 mln so‘m) ajratilgan. Shuningdek, bu kabi buyruqlar EDO elektron tizimi mavjud bo‘lishiga qaramay, maxfiy jurnal orqali rasmiylashtirilgan.
Davlat topshiriqlariga ko‘ra, hukumat tashkilotlari texnikani faqat milliy ishlab chiqaruvchidan xarid qilishi lozim, ammo ayrim shaxslar bozordan tayyor texnikani xarid qilib, «TTZ mahsuloti» sifatida sotgan. Bu amaliyot milliy ishlab chiqarishni rivojlantirish siyosatiga zid bo‘lib, zavod manfaatlariga ham, mamlakat iqtisodiy strategiyasiga ham zarar yetkazgan.
«Ammo yangi rahbariyat davrida — bosh direktor B. B. va bosh direktorning birinchi o‘rinbosari A. Y. rahbarligida zavodda tub o‘zgarishlar amalga oshirildi. Buning natijasida:
• Milliy traktorning transmissiya korpusi ishlab chiqildi, ichki detallar tayyorlanmoqda.
• Lazerli yer tekislagich (planirovshchik) ishlab chiqilib, QXTTSSDMga topshirildi.
• Somon presslagich ishlab chiqilib, tasdiqlash uchun yuborildi.
Bundan tashqari, milliy traktorni yaratish ishlari boshlandi, ishlab chiqarish hajmi oshirilib, eksport salohiyati ko‘tarilmoqda. Ma’muriyatdagi xodimlar soni 266 nafardan 60 nafarga qisqartirildi, ishlab chiqaruvchilar soni esa 254 nafardan 450 nafarga ko‘paytirildi», - deyiladi xabarda.
Bayonotda keltirilishicha, avvalgi davrda ayrim xodimlar bir vaqtning o‘zida bir nechta korxonadan maosh olib, zavod ichidagi ishchi muhitga salbiy ta’sir o‘tkazgan. Ular ayrim qarindoshlarini yuqori lavozimlarga joylashtirib, xodimlarga bosim o‘tkazgan, bu esa sog‘lom mehnat muhitini buzgan. Yangi rahbariyat esa bu holatlarga qat’iy chek qo‘ydi hamda barcha faoliyatni prezident olib borayotgan adolat va shaffoflik siyosatiga muvofiqlashtirgan.
Shuningdek, ayrim manbalarda “KRANTAS” kompaniyasi va uning sobiq rahbari M.K.ning zavod faoliyatiga aralashayotgani haqida ham ma’lumotlar tarqatilmoqda. “Toshkent Traktor Zavodi” MCHJ rasmiy ravishda shuni bildiradiki, M.K.ning zavod faoliyatiga bevosita aloqasi yo‘q. Uning boshqa loyihalardagi faoliyati — ilm va innovatsiyaga asoslangan ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, minglab ish o‘rinlari yaratish — tahsinga sazovor bo‘lsa-da, TTZ faoliyatiga aralashuvi haqida ma’lumotlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi, - deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, “Toshkent Traktor Zavodi” MCHJ o‘zining moliyaviy va texnik holatini baholash maqsadida audit o‘tkazish uchun tender e’lon qilgan. Tenderning yakuniy muddati — 2025 yil 28-oktabr bo‘lib, ma’lumotlar etender.uzex.uz/lot/456428 manzilida ochiq tarzda e’lon qilingan.
«Tender yakuniga yaqinlashgani sari ayrim noma’lum kuchlar tomonidan jarayonga to‘sqinlik qilinayotgani haqida xabarlar kelmoqda. Zavod rahbariyati bunday harakatlarni sobiq rahbariyat faoliyatini yashirishga qaratilgan urinish deb hisoblaydi va bu borada barcha qonuniy choralar ko‘riladi. Xulosa o‘rnida, shuni qayd etish lozimki, “Toshkent Traktor Zavodi” MCHJ faoliyatini ochiq, qonuniy va samarali asosda yuritmoqda. Zavod jamoasi va yangi rahbariyat milliy traktor ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, Prezident topshiriqlarini amalda bajarish, ishlab chiqarish hajmini oshirish hamda ishchilarning ijtimoiy farovonligini ta’minlash yo‘lida izchil faoliyat olib bormoqda. Zavod har qanday audit, tekshiruv va jurnalistik savollarga ochiq bo‘lib, haqiqatni tiklash va jamoatchilikni to‘g‘ri ma’lumot bilan ta’minlashni o‘zining asosiy burchi deb biladi», - deyiladi xabarda.





