Logo

«Mayda-chuyda narsadek yeydi». Putin urush zaruratini o‘rmon qonunlari orqali tushuntirdi

Bugun 08:402 daqiqa

Rossiya prezidenti bolalarga «ular qaysi dunyoda yashayotgani» va nega «maxsus harbiy operatsiya» o‘tkazayotganini tushuntirish uchun yovvoyi hayvonlar hayotidan misollar keltirish kerakligini aytdi.

«Mayda-chuyda narsadek yeydi». Putin urush zaruratini o‘rmon qonunlari orqali tushuntirdi © Foto: TASS

Rossiya prezidenti Vladimir Putin bolalarga «ular qaysi dunyoda yashayotgani» va nega «maxsus harbiy operatsiya o‘tkazayotgani»ni tushuntirish uchun yovvoyi hayvonlar hayotidan misollarni muhokama qilishni taklif qildi. Bu haqda u Belgorod viloyatidan bo‘lgan xitoy tili o‘qituvchisi Dmitriy Balanchuk bilan suhbatda aytdi.

O‘qituvchi prezidentga Shimoliy qutbga qilgan safari va u yerda ikki oq ayiqni uchratgani haqida so‘zlab berdi. Putin esa bunga javoban o‘sha hududlarda yashaydigan kasatkalarni esladi va «kasatka — oq ayiq» oziq-ovqat zanjirini misol qilib keltirdi.

«Tasavvur qiling, u yerlarda kasatkalar ham yashaydi. Ular bu ayiqlarni mayda-chuyda narsadek yeydi. Ular shunchaki to‘da bo‘lib tashlanib, ularni tilka-pora qilib tashlaydi. Buning o‘zi juda qiziq. Shunday oziq-ovqat zanjiri», — dedi prezident.

U bolalarga bu haqda aytib berish kerakligi, shunda «ular qaysi dunyoda yashayotgani va nega maxsus harbiy operatsiya o‘tkazilayotganini tushunishlari»ni qo‘shimcha qildi.

20-avgust kuni Kreml voizi Dmitriy Peskov mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilish bo‘yicha hozircha optimizm uchun asoslar ko‘rinmayotganini aytgandi. U vaziyat Kiyevning pozitsiyasi bilan bog‘liqligini ta’kidladi.

Ukraina prezidenti ofisi rahbarining birinchi o‘rinbosari Sergey Kislisa esa ukrain tomoni «muzokaralar stoliga o‘tirishga, Amerika tomonini tinglashga, rossiyaliklar bilan suhbatlashishga va o‘z dalillarini asoslab berishga tayyor» ekanini ma’lum qildi.

Rossiya prezidenti Ukraina inqirozini hal qilish mojaroning kelib chiqishiga sabab bo‘lgan omillarni bartaraf etishni hisobga olishi kerakligini bir necha bor ta’kidlagan. Xususan, Putin Ukrainada NATOga a’zo bo‘lishga intilishni ana shunday omillardan biri sifatida tilga olgan va Rossiya o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlarga diplomatik yoki boshqa vositalar orqali erishish niyatida ekanini urg‘ulagan.

Moskva tomonining Kiyevga qo‘yayotgan talablari qatoriga, shuningdek, Ukraina Qurolli kuchlarini Donetsk, Lugansk, Xerson va Zaporoje viloyatlaridan olib chiqish ham kiradi. Kreml Rossiya Ukrainadagi mojaroni imkon qadar tezroq yakunlashdan manfaatdor ekanini ta’kidlagan. Biroq mojaro Rossiya dastlab o‘z oldiga qo‘ygan vazifalarga erishilganidan keyingina yakunlanishi aytilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Putin Ukrainadagi urushni yanada keskinlashtirishga tayyorlanayotgani haqida yozgan edik. Moskva Ukrainadagi tinchlik shartlari bo‘yicha muzokaralar boshi berk ko‘chaga kirib qolgan, degan xulosaga kelgan va o‘z maqsadlariga erishish uchun vaziyatni yanada keskinlashtirmoqchi.

Teglar

Mavzuga oid