add

MB raisi O‘zbekiston Rossiya oltinini olib sotayotganini rad etdi

24.10.2025 | 18:598961

«Xudoga shukur, o‘zimizga yetarli oltinimiz bor», - dedi Timur Ishmetov.

MB raisi O‘zbekiston Rossiya oltinini olib sotayotganini rad etdi

O‘zbekiston hech bir davlatdan oltin sotib olmagan va sotib olish niyati yo‘q. O‘zbekiston Markaziy banki Rossiya oltinining reeksporti bilan shug‘ullanmaydi, umuman, hech bir davlatdan oltin sotib olmaydi. Bu haqda Markaziy bank raisi Timur Ishmetov bugun, 24 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.

Uning aytishicha, bu haqdagi maqola The Economist jurnalida chiqqan, keyinroq maqoladagi xatolik to‘g‘rilangan.

«Umuman haqiqatan yiroq bo‘lgan ma’lumot. Biz hech qachon boshqa davlatlardan oltin sotib olmaganmiz va sotib olish niyatimiz yo‘q. Xudoga shukur, o‘zimizga yetarli oltinimiz bor. Bir necha oy oldin haqiqatan ham The Economist jurnalida maqolada shunday ma’lumot chiqdi. Biz ularga rasmiy murojaatlar qilib, bu ma’lumot qayerdan olinganligi bo‘yicha savol qo‘ydik, noto‘g‘riligini ko‘rsatdik. Ular keyingi sonida shu maqolasida xatoligini to‘g‘rilab qo‘ydi. Juda ham bir tushunarsiz holat bo‘lgan, noprofessionalizm, bizni hayron qoldirdi», - dedi MB raisi.

Regulyator rahbari bunday ma’lumotlarni bema’ni deb atadi.

«Umuman haqiqatan uzoq, umuman bir bema’ni ma’lumot. Hech qanday bir bunga qanaqadir talab yoki muhtojlik yo‘q», — deya qo‘shimcha qildi u.

Ma’lumot uchun, joriy yilning dastlabki to‘qqiz oyida O‘zbekiston 9,9 mlrd dollarlik oltin eksport qilgan. Bu 2024 yilning mos davridagi nisbatan 70,9 foizga ko‘p. Shuningdek, O‘zbekiston Markaziy banki avgust oyida 2 tonna oltin xarid qildi.

Teglar

Mavzuga oid

MB raisi O‘zbekiston Rossiya oltinini olib sotayotganini rad etdi | Vaqt.uz