
Meta ijtimoiy tarmoqlarda pulli obunalarni sinovdan o‘tkazadi
Yangi obunalar sun’iy intellekt imkoniyatlarini kengaytirish va foydalanuvchilar uchun eksklyuziv funksiyalar yaratishga qaratilgan.

Meta kompaniyasi yaqin oylar ichida Instagram, Facebook va WhatsApp platformalarida pulli obunalarni sinov tariqasida joriy etishni rejalashtirmoqda. Kompaniya bu orqali foydalanuvchilarga qo‘shimcha funksional imkoniyatlar, jumladan, samaradorlik va ijodkorlikni oshirishga qaratilgan xizmatlarni taklif qilmoqchi.
Pulli obuna imkonayatlari
Ma’lum qilinishicha, yangi obunalar doirasida sun’iy intellektga asoslangan funksiyalar kengaytiriladi. Shu bilan birga, ilovalarning asosiy xizmatlari bepul saqlab qolinadi. Pulli obunalar esa foydalanuvchilarga ma’lumot almashish, muloqot va kontent ustidan kengroq nazorat qilish imkonini beradi.
Kompaniya yagona standart strategiyaga qat’iy amal qilmasligini ta’kidlamoqda. Meta turli formatdagi obuna paketlarini sinovdan o‘tkazib, har bir ilova uchun alohida eksklyuziv funksiyalar majmuasini shakllantirishni rejalashtirgan. Bu yondashuv foydalanuvchilar ehtiyojini aniqroq o‘rganishga xizmat qiladi.
Manus sun’iy intellekt xizmati
Shuningdek, Meta yaqinda taxminan 2 milliard dollarga sotib olingan Manus sun’iy intellekt agentini ham obuna dasturlari doirasida rivojlantirmoqchi. Kompaniya Manus’ni o‘z platformalariga integratsiya qilish bilan bir qatorda, biznes mijozlar uchun alohida pulli obunalarni taklif etishni ham davom ettiradi.
Qayd etilishicha, Instagram ilovasiga Manus sun’iy intellekt xizmati uchun maxsus tezkor kirish tugmasi qo‘shish ustida ishlar olib borilmoqda. Bu haqda ishlab chiqish bosqichidagi, hali rasman ishga tushirilmagan funksiyalarni tez-tez fosh qilib turadigan mutaxassis Alessandro Paluzzi e’lon qilgan skrinshot orqali ma’lum bo‘ldi.
Meta’ning mazkur tashabbusi kompaniyaning sun’iy intellekt asosidagi servislar va pulli xizmatlar hisobiga daromad manbalarini kengaytirishga qaratilgan uzoq muddatli strategiyasining bir qismi sifatida baholanmoqda.





