
«Metan zapravka» qurishga ruxsat yo‘q – Jamshid Xo‘jayev
Qoraqalpog‘iston Respublikasida o‘tkazilgan uchrashuvda tadbirkor «zapravka»lar qurmoqchiligini, biroq «metan zapravka» uchun ruxsat ololmayotganini aytdi. O‘zbekiston Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev esa hozir «metan zapravka» uchun ruxsat yo‘qligini ma’lum qildi.

Joriy yil 6-fevral kuni O‘zbekiston hukumati vakillari Qoraqalpog‘iston Respublikasida bo‘lib, tadbirkorlar bilan uchrashuv o‘tkazdi. Muloqotda Amudaryo tumanida tadbirkor avtomobillar uchun elektr, gaz va benzin «zapravka»lar qurish uchun 40 sotix yer olgani, qurilishga barcha jihozlar tayyorligini bildirdi. Faqatgina «metan zapravka» qurishi uchun Energetika vazirligidan ruxsat olishda muammo bo‘layotganini aytib, masalani hal qilishda yordam so‘radi.
Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev bunga javoban, mas’ullar ishlab turgan «zapravka»larga ham gaz yetkazib bera olmayotganini bildirdi.
«Hozir metan gaz «zapravka» qurishga ruxsat yo‘q. To‘g‘risini aytinglar-da, yetkazib bermayapsizlar-ku. Bor «metan zapravka»larga bular gaz yetkazib bera olmayapti. Farhod O‘razboyevich (Ermonov) buni tadbirkorlarga aytmaganmisizlar», – deb savol qo‘ydi Xo‘jayev Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar kengashi raisiga.
Farhod Ermonovning aytishicha, metanga taqiq masalasida barcha tadbirkorlar ogohlantirilgan.
«Hokimlarning ham, muovinlarining ham xabarlari bor. Tadbirkorlarga ham bu masala bo‘yicha aytganmiz. O‘tgan yildan boshlab «metan zapravka» qurilishiga taqiq qo‘yilgan. Hech qanday ruxsat yo‘q», – dedi u.





