
Metan «zapravka»lar faoliyatiga vaqtincha cheklov joriy etilmoqda
Asosiy sabab sifatida qo‘shni mamlakatdagi texnik nosozlik tufayli gaz importi qisqargani keltirilgan.

O‘zbekistonda metan «zapravka»lar faoliyatiga vaqtincha cheklov joriy etiladi. Bu haqda Energrtika vazirligi xabar berdi.
Vazirlik ma’lumotlariiga ko‘ra, qo‘shni davlat gaz tarmog‘ida yuz bergan texnik nosozlik import hajmining keskin kamayishiga olib kelgan. Gaz ta’minotidagi ushbu o‘zgarish aholi xonadonlari va ijtimoiy soha ob’ektlarini uzluksiz tabiiy gaz bilan ta’minlashni birinchi vazifa sifatida ko‘ndalang qo‘ygan. Nosozlik aynan qaysi qo‘shni davqlat hududida ro‘y bergani ma’lum qilinmagan.
Rasmiylarga ko‘ra, maktablar, bog‘chalar, shifoxonalar, oliy ta’lim muassasalari hamda issiqlik elektr stansiyalarida gaz bosimining pasayishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun tezkor choralar ko‘rilmoqda. Shu maqsadda mahalliy hokimliklar bilan kelishilgan reja-grafik asosida metan zapravkalar faoliyati vaqtincha cheklanadi. Bu, avvalo, aholi ehtiyojini qondirishni ta’minlashga qaratilgan.
Vazirlik ta’kidlashicha, cheklovlar doimiy emas va gaz bosimini me’yorga keltirish bo‘yicha amaliy ishlar olib borilmoqda.
Mutaxassislar tarmoqdagi barqarorlikni tiklash, ayrim uchastkalarda bosimni oshirish va ta’minotni to‘liq qayta yo‘lga qo‘yish uchun zarur texnik tadbirlarni amalga oshirmoqda.
Shuningdek, vazirlik holatga oid qo‘shimcha ma’lumotlarni e’lon qilib borilishini ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sirdaryo IESda gaz turbinasi rotori almashtirilayotgani sabab mamlakatning ayrim hududlarining elektr tarmoqlarida qisqa uzilishlar kuzatilishi mumkinligi ma’lum qilingan edi.





