Metan «zapravka»lar faoliyatiga yana cheklov kiritildi

10.03.2026 | 11:181 daqiqa

Havo sovishi tufayli aholi xonadonlari hamda ijtimoiy soha obyektlarini tabiiy gaz bilan uzluksiz ta’minlash maqsadida 10-mart kuni soat 16:00 dan boshlab metan «zapravka»lar faoliyatiga vaqtincha cheklov joriy etiladi.

Metan «zapravka»lar faoliyatiga yana cheklov kiritildi © Foto: Vaqt.uz

O‘zbekistonda 10-mart kuni soat 16:00 dan boshlab metan gaz quyish stansiyalari faoliyatiga vaqtincha cheklov joriy etiladi. Bu haqda Energetika vazirligi ma’lum qildi.

Sovuq va nam havo massalarining kirib kelishi tufayli mamlakatda tabiiy gaz iste’moli keskin ortgan. Natijada magistral gaz quvurlarida bosim pasayishi kuzatilmoqda.

Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, bunday sharoitda asosiy maqsad aholi va ijtimoiy soha obyektlarini uzluksiz gaz bilan ta’minlashdan iborat. Shu bois, gaz resurslari birinchi navbatda uy xo‘jaliklari, maktablar, bog‘chalar, shifoxonalar va boshqa ijtimoiy muassasalar ehtiyojlariga yo‘naltiriladi.

Shu bilan birga, ijtimoiy soha obyektlariga xizmat ko‘rsatuvchi transport vositalari va jamoat transporti uchun gaz ta’minoti cheklovlarsiz davom ettirilishi ta’kidlandi.

Mutaxassislar fikricha, harorat pasaygan davrlarda gaz iste’moli keskin oshishi tabiiy holat hisoblanadi. Shu sababli quvurlardagi bosimni barqaror saqlash va aholiga uzluksiz gaz yetkazib berish maqsadida metan zapravkalari faoliyatiga vaqtincha cheklovlar joriy etib turiladi.

«Keltirilgan vaqtinchalik noqulayliklar uchun uzr so‘raymiz», — deyilgan vazirlik xabarida.

Teglar

Mavzuga oid