
Migratsiya xizmatlari uchun to‘lov tartibi o‘zgarmoqda
17.06.2025 | 11:4544003
Qonunchilik palatasi deputatlari migratsiya jarayonlarini boshqarish tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda moddama-modda muhokama qilmoqda. Mazkur hujjat xorijda ish izlayotgan fuqarolar, xususiy bandlik agentliklari va davlat organlari o‘rtasidagi munosabatlarni huquqiy jihatdan qayta shakllantirishni nazarda tutadi
Loyihaga ko‘ra, O‘zbekistondan tashqarida ish qidirayotgan fuqarolarni ishga joylashtirish xizmati uchun to‘lovlarni ish beruvchi yoki buyurtmachidan undirish tartibi bekor qilinishi belgilanmoqda. Shu bilan birga, fuqarolarning o‘zi mazkur xizmatlar uchun to‘lov to‘lash imkoniga ega bo‘ladi, ya’ni avvalgi to‘lov taqiqlari bekor qilinadi.
Qonun loyihasida, shuningdek, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligiga xususiy bandlik agentliklari faoliyatida qonunbuzarlik holatlari aniqlanganda ma’muriy choralar ko‘rish vakolati beriladi. Bu nazoratni kuchaytirish va sohada shaffoflikni oshirishga xizmat qiladi.
Yangi normalarga muvofiq, xususiy bandlik agentliklari endi xorijda ishlash istagida bo‘lgan fuqarolar uchun kasb-hunar va chet tillariga o‘qitish kurslarini tashkil etishi, bu jarayonga xorijiy ish beruvchilarni ham jalb qilishi mumkin bo‘ladi. Bu xizmat sifatini oshirish va tayyor kadrlar yetishtirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Shuningdek, agentliklar litsenziya olish uchun zaxira qilishi lozim bo‘lgan moliyaviy kafolat mablag‘lari miqdorini kamaytirish taklif etilmoqda. Bu yangi ishtirokchilar uchun bozorga kirishni yengillashtiradi.
Qonun loyihasi deputatlar tomonidan ikkinchi o‘qishda qabul qilindi.





