add

Mikroqarzlar uchun qat’iy cheklovlar belgilandi

Bugun 11:353062 daqiqa

2026 yil 1-martdan O‘zbekistonda aholiga beriladigan mikroqarz va iste’mol kreditlari bo‘yicha eng yuqori miqdorlar belgilanadi. Yangi talablarga ko‘ra, banklar kredit berishda qarz oluvchining oylik daromadi va mavjud qarz majburiyatlarini hisobga olishi shart bo‘ladi.

Mikroqarzlar uchun qat’iy cheklovlar belgilandi

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2025 yil 5-dekabrdagi 31/9-son qarori bilan banklarga o‘rnatilgan makroprudensial normalar hamda mikroqarz va iste’mol kreditlari bo‘yicha to‘lovlarning eng yuqori qiymatlariga doir nizomga qator qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi. Ushbu qaror 2025 yil 18-dekabr kuni davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan.

Qarorga muvofiq, kredit berishda «qarzning daromadga nisbati» degan yangi ko‘rsatkich joriy etildi. U qarz oluvchining barcha iste’mol kreditlari va mikroqarzlari bo‘yicha asosiy qarz miqdorining o‘rtacha oylik daromadiga nisbatini ifodalaydi.

Yangi talablarga ko‘ra, 2026 yil 1-martdan, agar qarz oluvchining rasmiy daromadlarini tasdiqlash imkoniyati mavjud bo‘lsa, kredit miqdori ushbu daromadning 8 baravaridan oshmasligi lozim. Daromadni aniqlash imkoniyati bo‘lmagan hollarda esa bu ko‘rsatkich 5 baravar bilan cheklanadi.

O‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun alohida tartib belgilanib, ularga nisbatan ham qarzning daromadga nisbati eng ko‘pi bilan 8 baravar etib belgilandi. Ayni paytda, banklar bergan, ammo so‘ndirilmagan barcha kreditlarning 15 foizigacha qismi bo‘yicha ayrim hollarda ushbu ko‘rsatkich inobatga olinmasligi mumkin.

Qaror bilan, shuningdek, qarz oluvchining o‘rtacha oylik daromadini hisoblash tartibi aniqlashtirildi. Banklar daromadni kamida oxirgi 6 oy, ko‘pi bilan 12 oylik davr asosida hisoblashi shart.

Mazkur cheklovlar yakka tartibdagi tadbirkorlarga beriladigan kreditlar va ta’lim kreditlariga tatbiq etilmaydi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq bir nechta banklar bitta yirik mijozga birgalikda kredit berishi tartibi tasdiqlanganligi haqida xabar bergan edik.

Teglar

Mavzuga oid

Mikroqarzlar uchun qat’iy cheklovlar belgilandi | Vaqt.uz