add

Milliardlab tushumga qaramasdan Moody’s UzAuto reytingini nega ko‘tarmadi? Sabablar ochiqlandi

Bugun 20:214204

Moody’s UzAuto Motors reytingini Ba3 darajasida qoldirdi. Hisobotda qayd etilgan xavflar esa kelgusi ikki yilda kompaniya jiddiy sinovlarga duch kelishi mumkinligini ko‘rsatadi.

Milliardlab tushumga qaramasdan Moody’s UzAuto reytingini nega ko‘tarmadi? Sabablar ochiqlandi

Moody’s xalqaro reyting agentligi «UzAuto Motors» reytingini Ba3 darajasida saqlab qoldi va barqaror kutilma berdi. Bir qarashda, bu — ijobiy yangilik. Lekin hisobotning o‘zidan joy olgan ma’lumotlar va agentlik qayd etgan xavflar kompaniyaning kelgusi ikki yilda jiddiy sinovlarga duch kelishi mumkinligidan darak beradi.

 Yangi obligatsiya chiqarilishi — reytingni saqlab qolgan asosiy omil

Moody’s ning fikricha, «UzAuto Motors» qariyb besh yillik yevroobligatsiya chiqarishi orqali likvidlik xavflarini keskin kamaytirmoqda.

Kompaniya yangi obligatsiyalar chiqarilishidan tushadigan mablag‘larni 2026 yil mayda muddati yetadigan 300 mln dollarlik yevroobligatsiyani qayta moliyalashtirish hamda xalqaro va mahalliy bank qarzlarini qisqartirish uchun ishlatadi.

Agar kompaniya bu emissiyani amalga oshirmasa, Moody’s «UzAuto» tezda muqobil moliyalashtirish manbasini topishini ham kutib turibdi. Ya’ni, agentlik kompaniyaning majburiyatlarni o‘z vaqtida ado etish qobiliyatiga ishonadi.

 Savdolar va operatsion foyda (EBITDA) pasayganiga qaramay, kredit profili barqaror 

2025 yil iyunga qadar bo‘lgan 12 oyda «UzAvto»da sotuvlar va EBITDA vaqtincha tushgan. (EBITDA — foiz, soliq va amortizatsiya oldidan foyda; ya’ni asosiy faoliyatdan keladigan asosiy, markaziy daromad).

Bu pasayishga kompaniyaning naqdsiz to‘lov (rassrochka) modelini joriy etishi va o‘tish davrida aylanma mablag‘ ehtiyojiga talab oshgani sabab bo‘lgan. Shu davrda kompaniya 378 mingta avtomobil ishlab chiqargan, 4,0 milliard dollar tushum va Moody’s hisobicha 471 million dollar EBITDA qayd etgan.

Yangi sotuv modeli (rassrochka) o‘tish davrida aylanma mablag‘ ehtiyojlarini qoplash maqsadida kompaniya qarzini oshirgan va bundan kelib chiqib Moody’s hisoblagan qarz/EBITDA ko‘rsatkichi 2024 yil 31-dekabrdagi 1,3x ko‘rsatkichdan 2025 yil 30-iyunda 1,6x gacha o‘sgan. Kutilishicha, kelasi ikki yilda kompaniya to‘liq yangi modelga o‘tgani sari bu ko‘rsatkichlar bosqichma-bosqich yaxshilanadi va iste’molchilar uchun uchun tashqi moliyalashtirish kanallari kengayadi, pul oqimlari muvozanatlanadi.

 «UzAvto»ning reytingi davlat suveren reytingi bilan bog‘liq: nega?

Moody’s reytingni belgilashda davlat bilan yuqori darajadagi bog‘liqlikni ham muhim omil sifatida ko‘rsatadi. «UzAuto Motors»ning 99,7 foiz ulushi davlatga tegishli. Shu sabab kompaniya kredit profiliga davlatning doimiy moliyaviy ko‘magi, imtiyozli regulyator muhit, strategik korxona sifatidagi maqomi, mamlakatda avtomobilsozlikni rivojlantirish siyosati juda kuchli ta’sir qiladi.

Shuningdek, kompaniya reytingiga O‘zbekiston iqtisodiyotining jadal o‘sishi; avtomobil bozorining hali to‘liq shakllanmagani tufayli yangi o‘sish imkoniyatlarining kattaligi; avtomobilsozlikning sanoat strategiyasidagi muhim o‘rni; lokalizatsiya va eksport hissasini kengaytirish bo‘yicha davlat qo‘llab-quvvati; moliyaviy siyosatning mutanosibligi va barqaror kredit ko‘rsatkichlari ham ta’sir ko‘rsatadi.

 Reyting pasayishidagi xavflar nimada?

Agentlik kompaniya oldidagi xatarlarni ham sanab o‘tdi:

  •   kompaniyaning global miqyosida kichik hisoblanishi;

  •   sotuvlarning 90 foizdan ziyodi O‘zbekistonga to‘g‘ri kelishi oqibatida yuzaga keluvchi geografik konsentratsiya xavfi;

  • xususiy avtoishlab chiqaruvchilar raqobatining oshib borishi;

  • BYD kabi raqobatchilarning elektromobil ishlab chiqarishini davlat tomonidan tartibga solingan holda mahalliylashtirish jarayoni;

  • General Motors bilan litsenziya kelishuviga bog‘liqlik;

  • GM tarmog‘i orqali ehtiyot qismlar ta’minotiga qaramlik; modellar turining cheklanganligi va ayrimlarining eskirgani; oxirgi ikki yilda salbiy erkin pul oqimi va 2025 yilda ham aylanma mablag‘ chiqimi tufayli salbiy saqlanishi kutilgani kabi xavflar bilan ham reytingni cheklaydigan omillardan biri sanaladi.

Shuningdek, 2027 yildan keyin GM litsenziyasi uzaytirilmasa, reyting bahosi pasayishi mumkinligi ta’kidlandi.

 Kompaniyaning qarz tarkibi qanday?

Hozirgi paytda kompaniya qarzi 300 mln dollarlik kafolatsiz yevroobligatsiyalar va 2025 yil sentabr holatiga 77,2 mln dollarlik xalqaro banklardan olingan kafolatsiz kreditlardan iborat. Shuningdek, «UzAuto» «Ipotekabank» (50 mln dollar) va «Kapitalbank» (80 mln dollar) bilan avtomobil zaxirasi bilan ta’minlangan kreditlarga ega.

Agar besh yillik yangi obligatsiyalar muvaffaqiyatli joylashtirilsa, kelgusi 18 oy ichida kompaniya 530 mln dollar operatsion pul oqimi (FFO) yaratishi kutilmoqda. Bu mablag‘ hisobdagi 44 mln dollar bilan birga, aylanma kapital ehtiyojlari, 105 mln dollar kapital investitsiyalar (CAPEX) va dividend to‘lovlarini qoplashga yetadi. Bundan tashqari, «Kapitalbank»dagi 80 mln dollarlik qayta tiklanuvchi kredit liniyasi emissiyadan so‘ng yana likvidlik zaxirasi sifatida foydalanishga ochiq bo‘ladi.

Yangi yevroobligatsiyalar chiqarilgandan so‘ng kompaniyaning qarz strukturasi asosan kafolatsiz qarzlardan iborat bo‘ladi. Shu sabab yangi obligatsiya reytingi ham Ba3 qilib belgilangan.

Ma’lumot uchun: «UzAuto Motors» 99,7 foizlik davlat ulushiga ega O‘zbekiston hukumati nazoratidagi strategik ishlab chiqaruvchi hisoblanadi va ichki yengil avtomobil bozorining taxminan 82 foizini egallaydi.

Kompaniya Chevrolet brendi ostidagi modellarni, asosan, Cobalt, Damas va Labo rusumli avtomashinalarni GM bilan 2027 yilgacha amal qiladigan litsenziya kelishuvi asosida ishlab chiqaradi.

2025 yil 30-iyunga yakunlangan 12 oyda kompaniya 378 ming avtomobil ishlab chiqargan, ularning 89 foizi O‘zbekistonda, qolgani Qozog‘iston, Gurjiston, Armaniston va Qirg‘izistonga eksport qilingan.

«UzAuto Motors» 2024 yilda 314,9 mln dollarlik sof foyda ko‘rgan.

G.Bozorova tayyorladi.


Teglar

Mavzuga oid

Milliardlab tushumga qaramasdan Moody’s UzAuto reytingini nega ko‘tarmadi? Sabablar ochiqlandi | Vaqt.uz