Millionerlar soliq rezidentligini saqlash uchun BAAga qaytmoqda

06.03.2026 | 17:413 daqiqa

Birlashgan Arab Amirliklaridagi boy rezidentlar xavfsizlik yoki past soliqlar orasida tanlov qilishi kerak.

Millionerlar soliq rezidentligini saqlash uchun BAAga qaytmoqda

Dubayda yashovchi va Eron bilan urush tufayli Birlashgan Arab Amirliklaridan tashqarida qolib ketgan fuqarolar imkon qadar tezroq uyiga qaytishga harakat qilmoqda. Bu haqda turistik kompaniyalar rahbarlari va huquqshunoslar so‘zlariga tayanib, «Financial Times» xabar berdi.

Shu tariqa soliq rezidentlari o‘z maqomini saqlashga harakat qiladi, chunki xorijda uzoq qolish ortidan katta soliq majburiyatlari yuzaga kelishi mumkin.

Soliq muammosi

Yevropa xususiy charter samolyotlar marketpleysi «EnterJet» asoschisi Charlz Robinsonning ma’lum qilishicha, unga mijozlar BAAga uchish istagini bildirmoqda.

«Soliq afzalliklaridan foydalanish uchun moliyaviy yil davomida muayyan miqdordagi kunni ushbu mintaqada o‘tkazish talab etiladi. Ko‘pchilik uchun bu limitni yakunlash maqsadida qaytish zarur. Ko‘p hollarda uchish xarajati agar talablar bajarilmasa yuzaga keladigan ehtimoliy soliq hisobidan ancha arzon bo‘lib chiqadi », – dedi u.

Dubaydagi «Taylor Wessing» yuridik firmasi rahbari Ronald Gremning ma’lum qilishicha, uning ofisi «Buyuk Britaniyada qancha kun qolganlikni hisoblash va BAAda turish qoidalari bajarilmasa, soliq maqomiga ta’sirini tushuntirish» bo‘yicha konfidensial so‘rovlar olgan. Uning ta’kidlashicha, ko‘p mijozlar hozircha harakat qilayotgani yo‘q, ammo boy shaxslar «qachon va qayerda harakat qilish va ishlash imkoniyatiga ega bo‘lishini juda qadrlaydi va Eron bilan urush kabi voqealar bu imkoniyatni cheklasa, ular bundan norozilik bildiradi».

«Buyuk Britaniyada bo‘lib, uyiga qayta olmaydigan shaxslar turli immigratsiya maqomi va soliq muammolariga duch kelmoqda», – deydi «Withers» yuridik firmasi vakili Xanna Vayloo.

Uning so‘zlariga ko‘ra, BAAdan uzoqda qolish ikki soliq muammosini keltirishi mumkin: Dubaydagi kunlar yetarli bo‘lmay, soliq rezidenti hisoblanmaslik va shu vaqtda Buyuk Britaniyada ko‘p kun o‘tkazib, ushbu mamlakat rezidenti hisoblanishi, bu esa soliq yukining oshishiga olib keladi.

Rezidentlik narxi

Odatda, BAA soliq rezidenti hisoblanish uchun shaxs 12 oylik davrda 183 kunni mamlakatda o‘tkazishi kerak. Boshqa variant – rezidentlik vizasi, BAAda doimiy yashash joyi va mamlakatda ish yoki biznes bo‘lsa, kamida 90 kun turish.

«Buyuk Britaniya soliq maqomini rezidentlik sinovi asosida belgilaydi: shaxs mamlakatda qancha kun qolishi mumkinligi yoki majburligi uning Britaniya bilan bog‘liqlik darajasiga bog‘liq. Ayrimlar xorijda yashab 120 kungacha Britaniyada qolishi mumkin, boshqalari esa ko‘proq bog‘liqlik tufayli 90, 46 yoki undan ham kam kun bilan cheklanadi», – deb tushuntirdi FT.

Onlayn soliq deklaratsiya xizmati «Taxd» hammuassisi Imon Shaxirning ta’kidlaganicha, davlatlar orasida vaqt taqsimlagan shaxslar uchun asosiy vazifa – Britaniya sinovi bo‘yicha non-rezident maqomini saqlab qolish.

BAAdagi boy fuqarolar, masalan, Hindiston va Fransiyadan kelganlar ham shunga o‘xshash qiyinchilikka duch keladi. Qolaversa, ko‘p rezidentlar teskari ravishda chiqib ketishga harakat qilmoqda. Antikrizis evakuatsiya xizmatlarini taklif qiluvchi sug‘urta kompaniyalari ma’lumotlariga ko‘ra, xususiy samolyot va avtomobil ijarasi narxi keskin oshgan, chunki ba’zi kompaniyalar xodimlarini evakuatsiya qilishga urinmoqda.

Teglar

Mavzuga oid