
Mirobod tumanida elektrobus urib yuborgan piyoda halok bo‘ldi
Mirobod tumani Islom Karimov ko‘chasida elektrobus va yengil avtomobil ishtirokida sodir bo‘lgan yo‘l transport hodisasi oqibatida urib yuborilgan piyoda voqea joyida vafot etdi.

Toshkent shahar IIBB YHXB ma’lumotiga ko‘ra, 9-dekabr kuni kech soat 22:30 atrofida Toshkent shahar Mirobod tumani Islom Karimov ko‘chasida Yutong rusumli elektrobus haydovchisi tartibga solinmagan piyodalar o‘tish joyidan kesib o‘tayotgan piyodani urib yuborgan.Zarba oqibatida piyoda qarama-qarshi yo‘nalish tomonga yiqilib, shu yo‘nalishda kelayotgan Haval rusumli yengil avtomashina ham uni urib yuborgan.
Hodisa oqibatida piyoda olgan og‘ir jarohatlari tufayli voqea joyida vafot etgan.
Mazkur holat yuzasidan, Toshkent shahar IIBB Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Toshkent shahar IIBB barcha yo‘l harakati ishtirokchilaridan yo‘l qoidalariga qat’iy rioya qilishni so‘ragan.





