
Mirziyov va Putin Pekinda o‘zaro gaplashib oldi
02.09.2025 | 21:2034923
Ular O‘zbekiston–Rossiya strategik sherikligini mustahkamlash, iqtisodiy va gumanitar hamkorlik masalalarini muhokama qildi.

Bugun, 2 sentyabr kuni Xitoyning Pekin shahrida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya prezidenti Vladimir Putinning uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston rahbari matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, suhbat avvalida Rossiya yetakchisi O‘zbekiston rahbari va O‘zbekistonning ko‘p millatli xalqini Mustaqillik kuni bilan samimiy tabriklab, farovonlik, barqaror taraqqiyot va ravnaq tilagan.
Ilgariroq bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi muloqotlar chog‘ida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish nuqtai nazaridan O‘zbekiston – Rossiya keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada kengaytirish hamda mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqilgan.
Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik sur’atini saqlab qolishga qaratilgan muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlarni qabul qilish muhim ekani ta’kidlangan.
Iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida loyihalarni tayyorlash hamda amalga oshirishni jadallashtirish, hududlar o‘rtasida va tashkil etilgan qo‘shma sanoat parklari doirasida kooperatsiya aloqalarini rag‘batlantirishga alohida e’tibor qaratilgan.
Gumanitar sohada, eng avvalo, madaniyat, san’at, fan va ta’lim yo‘nalishlarida samarali hamkorlik qilinayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etilgan.
«O‘zbekiston va Rossiya yetakchilari xalqaro ahamiyatga molik masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar», - deyiladi xabarda.





